O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun tuzilgan dunyoning eng nufuzli 50 musulmoni ro‘yxatiga kirdi va Markaziy Osiyo bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun tuzilgan dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni reytingidan o‘rin olib, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi.
O‘zbekiston prezidentining qaysi yutuqlari e’tirof etildi
Hisobot mualliflari «Yangi O‘zbekiston» islohotlari kursiga alohida e’tibor qaratgan. Davlat rahbarining asosiy xizmatlari qatorida iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, paxta dalalarida majburiy mehnatga to‘liq barham berish, shuningdek, mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish alohida qayd etilgan.
«Mirziyoyev iqtisodiyotni liberallashtirish, jumladan, valyuta sohasini isloh qilish, O‘zbekistonni xorijiy investitsiyalar uchun ochish, xalqaro savdoni kengaytirish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish jarayonlariga rahbarlik qildi. Uning administratsiyasi davlat boshqaruviga islohotlar kiritish bilan birga, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari sifatini oshirish yo‘lida izchil choralar ko‘rdi. Ochiq tashqi siyosat O‘zbekistonning tobora nufuzli diplomatik va iqtisodiy hamkorga aylanishiga xizmat qildi», — deyiladi RISSC tavsifida.
Shuningdek, prezidentning islom merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilishdagi hissasi alohida ta’kidlangan:
-
Ziyoratgohlarni qo‘llab-quvvatlash: masjidlarni qurish va restavratsiya qilish, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualarini obodonlashtirish, shuningdek, haj va umra ziyoratlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish.
-
Ilm-fan va ma’rifat: Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati orqali an’anaviy islom ilmlarini rivojlantirish, shuningdek, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish.
Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlar vakillari
Reytingda faqat dastlabki 50 ta o‘rin qat’iy raqamlangan bo‘lib, qolgan ishtirokchilar aniq o‘rin berilmagan holda faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha toifalarga taqsimlangan:
-
Qozog‘iston: ro‘yxatga prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev («Siyosat» toifasi) va xonanda Dimash Qudaybergen («San’at va madaniyat») kiritilgan.
-
Tojikiston: muftiy Saidmuqarram Abdulqodirzoda («Diniy ishlar ma’muriyati») tomonidan taqdim etilgan.
-
Afg‘oniston: «Tolibon» harakati yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda 43-o‘rinni egallagan. Shuningdek, toifalarga bosh vazir o‘rinbosari v.b. Abdul G‘ani Barodar, huquq himoyachilari Malala Joya va Sima Samar, yozuvchi Xolid Husayniy hamda xonanda Aryana Said kiritilgan.
-
Qirg‘iziston va Turkmaniston: ushbu mamlakatlar vakillari reytingga kirmagan.
Birinchi pog‘onadagi besh nafar yetakchi
Reyting tuzish tarixida ilk bor birinchi o‘rinni birdaniga besh kishi bo‘lishib oldi. Bunday qarorga 2026-yil 7-avgust kuni Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida imzolangan qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi Makka pakti sabab bo‘lgan.
Ro‘yxat yetakchilari deb Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Pokiston mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni Asim Munir va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on e’lon qilindi. Top-50 talikdan Nyu-York meri Zohran Mamdani, Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy, Suriya prezidenti Ahmad Ash-Shara’a, Falastin rahbari Mahmud Abbos, shuningdek, Misr va BAA yetakchilari ham joy oldi.



Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q