Toshkent shahar IIBB feyk ma’lumotlar va haqoratlar ko‘paygani sababli Instagram ijtimoiy tarmog‘i monitoringini kuchaytirilgan rejimga o‘tkazdi. Boshqarma qonuniy javobgarlik haqida ogohlantirdi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi nashrlar monitoringi kuchaytirilgan rejimga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Idorada ta’kidlanishicha, mazkur chora platformaning o‘zbek segmentida yolg‘on axborot, tuhmat va haqoratli materiallar tarqalishi holatlari ko‘paygani bilan bog‘liq.
Nazoratni kuchaytirish sabablari va ishlash tartibi
So‘nggi vaqtlarda foydalanuvchilar hamda ommaviy sahifa ma’murlari tomonidan tekshirilmagan ma’lumotlar,provokatsion videolavhalar, shuningdek, fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsga doir ma’lumotlariga ularning roziligisiz daxl qiluvchi kontent joylashtirish holatlari ortgan.
Shu munosabat bilan poytaxt IIBBning tegishli bo‘linmalari huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida Instagram’dagi postlar, stories, Reels videolari va izohlarni doimiy ravishda kuzatib boradi. Huquq-tartibot idoralari anonim akkauntlar yoki yopiq sahifalardan foydalanish javobgarlikdan ozod etmasligini qayd etdi — texnik imkoniyatlar har qanday noqonuniy kontent muallifining shaxsini aniqlash imkonini beradi.
Qonunbuzarliklar uchun huquqiy javobgarlik
Toshkent shahar IIBB fuqarolar, blogerlar va axborot sahifalari egalariga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan javobgarlik choralarini eslatib o‘tdi:
-
Haqorat qilish va tuhmat (MJtKning 40 va 41-moddalari, JKning 139 va 140-moddalari): internet tarmog‘i orqali shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish hamda bila turib yolg‘on, boshqa shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish yirik miqdordagi jarimalar, majburiy jamoat yoki axloq tuzatish ishlari, og‘irlashtiruvchi holatlarda esa ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
-
Yolg‘on axborot tarqatish (MJtKning 202-2-moddasi va JKning 244-6-moddasi): jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi feyk xabarlarni, jumladan, ishonchli xabarlar ko‘rinishida tarqatish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarimaga, harakat takroran sodir etilganda esa jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
-
Shaxsga doir ma’lumotlar va tasvirga bo‘lgan huquq himoyasi: jabrlangan fuqarolar fuqarolik sudi orqali noqonuniy joylashtirilgan foto yoki videolarni o‘chirishni, yolg‘on ma’lumotlarni rad etishni hamda ma’naviy zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini qonunchilik talablariga rioya qilishga, har qanday ma’lumotni e’lon qilish yoki ulashishdan avval uning haqqoniyligini tekshirishga chaqirdi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q