Ukraina dronlarining NQZlarga bergan zarbalari sabab Rossiyada benzin ishlab chiqarish ichki talabning 70 foizigacha tushdi. Mamlakat Belarus, Osiyo va Qozog‘iston importi evaziga tanqislikni yopishga urinmoqda.
Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga (NQZ) ketma-ket uyushtirgan hujumlari ortidan Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi keskin kamayib ketdi. Reuters agentligining sohadagi manbalariga tayanib xabar berishicha, avgust oyi oxiriga kelib mamlakatda yoqilg‘i ishlab chiqarish ko‘rsatkichi ichki ehtiyojning bor-yo‘g‘i 70 foizini qoplaydigan darajaga tushgan.
Ishlab chiqarish va talab o‘rtasidagi farq
Hozirgi vaqtda Rossiya hududida kuniga taxminan 80 ming tonna benzin ishlab chiqarilmoqda. Biroq yozgi mavsumda mamlakat ichidagi kunlik talab o‘rtacha 115 ming tonnani tashkil etadi. Shu tariqa, yoqilg‘i ishlab chiqarish va amaldagi ehtiyoj o‘rtasidagi kunlik tafovut 35 ming tonnaga yetgan.
Taqqoslash uchun, avgust oyi davomida kunlik o‘rtacha ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 90 ming tonnani (mavsumiy talabning 80 foizi) tashkil etayotgan edi.
Zavodlarga zarbalar va bozordagi cheklovlar
Vaziyatning keskinlashishiga so‘nggi bir hafta ichida Ukraina dronlarining Perm, Nijniy Novgorod hamda Yaroslavldagi yirik neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari sabab bo‘ldi. Hujumlardan so‘ng ushbu korxonalarning bir qismida yoqilg‘i ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yoki qisman to‘xtab qolgan.
Yog‘ilg‘i tanqisligi ortidan Rossiyaning qator hududlarida cheklovlar joriy etilmoqda:
-
Cheklangan hajm: Iyul oxirida paydo bo‘lib, avgustda qayta tiklangan qoidalarga ko‘ra, ayrim hududlarda bir xaridorga sotiladigan benzin miqdoriga cheklov o‘rnatilgan;
-
Raqam bo‘yicha sotuv: Boshqa bir qator viloyatlarda yoqilg‘i faqat avtomobilning davlat raqamiga qarab bosqichma-bosqich sotilmoqda.
Import hajmining oshishi va xalqaro ta’sir
Yuzaga kelgan inqirozni yumshatish maqsadida Rossiya benzin eksportiga taqiqni uzaytirdi va xorijdan import hajmini oshirishga majbur bo‘lmoqda:
-
Belarus yetkazib berishlari: Avgust oyida Belarusdan qariyb 150 ming tonna benzin olib kelinishi kutilmoqda;
-
Dengiz importi: Osiyo mamlakatlaridan dengiz yo‘llari orqali yetkazib beriladigan neft mahsulotlari hajmi 270 ming tonnaga yetishi mumkin;
-
Qozog‘iston bilan muzokaralar: Rossiya ichki bozordagi tanqislikni kamaytirish uchun Qozog‘istondan 50 ming tonna Ai-92 markali benzin sotib olish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda.
Shuningdek, Financial Times nufuzli nashri iyul oyidayoq Rossiyadagi yoqilg‘i yetishmovchiligi 50 millionga yaqin aholiga ta’sir ko‘rsatganini yozgan edi. Ushbu inqirozi Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonga ham ta’sir eta boshlagani sababli, ushbu davlatlar yoqilg‘i ta’minotini diversifikatsiya qilish choralarini ko‘rmoqda.



