Toshkentda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi.
O‘quv dargohining maqomi va ta’lim dasturi
O‘zbekistonda yengil sanoat sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida davlat oliy ta’lim muassasasi maqomiga ega bo‘ladigan ushbu dargohda o‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Yangi akademiya Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida barpo etilmoqda. Qo‘shma dasturda tahsil olayotgan talabalar o‘qishni yangi akademiyada davom ettiradi va uning diplomini oladi.
Dual ta’lim va infratuzilma Imkoniyatlari
2027/2028 o‘quv yilidan e’tiboran akademiyada to‘qimachilik va charm-poyabzal korxonalari buyurtmalari asosida dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Shuningdek, sohaviy texnikumlarni a’lo baholarga bitirgan o‘quvchilar akademiyaning bakalavriat 3-bosqichidan shartnoma asosida o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Muassasa davlat buyurtmasi bo‘yicha formalar dizaynini yaratish va milliy brendlarni rivojlantirish bilan ham shug‘ullanadi. Talabalar uchun 2028-yil yakuniga qadar 400 o‘rinli yotoqxona binosi barpo etiladi.





