Kioto universiteti Olimlari o‘sma hujayralarining yashab qolish mexanizmini bloklovchi CTX-439 preparatini yaratdi. Boshqa dori bilan birgalikda u saraton hujayralarining nobud bo‘lishini keskin kuchaytiradi.
Yaponiyaning Kioto universiteti va Chordia Therapeutics kompaniyasi tadqiqotchilari saraton hujayralarining yashab qolish mexanizmini izdan chiqarib, ularning nobud bo‘lishini tezlashtiruvchi yangi CTX-439 preparatini ishlab chiqdi.Tadqiqot natijalari EMBO Molecular Medicine ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Yangi vosita qanday ishlaydi
Olimlar hujayralarda genetik ma’lumotlarning o‘qilishi va qayta ishlanishini boshqaruvchi CDK12 va CDK13 oqsillarini o‘rgandi. Ularning faoliyati bloklanganda saraton hujayralarining DNKdagi shikastlanishlarni tiklash qobiliyati susayadi va ko‘payishi cheklanadi.
Mutaxassislar yaratgan CTX-439 og‘iz orqali qabul qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, har ikkala oqsilni bir vaqtning o‘zida bloklaydi. Preparat samaradorligi turli saraton hujayralari hamda ko‘krak bezi saratoniga chalingan sichqonlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
O‘sma hujayralariga ikki tomonlama zarba
CRISPR texnologiyasi yordamida o‘tkazilgan genetik tahlillar shuni ko‘rsatdiki, CTX-439 ta’sirida hujayralardagi himoyachi MCL1 oqsili miqdori keskin kamayadi. Natijada saraton hujayralari o‘z-o‘zini yo‘q qilish jarayonini (apoptozni) to‘xtatib turuvchi BCL-2 va BCL-xL oqsillariga bog‘lanib qoladi.
Tadqiqotchilar CTX-439 preparatini aynan BCL-2 va BCL-xL oqsillarini bloklovchi boshqa dori bilan birgalikda qo‘llaganida, saraton hujayralarining nobud bo‘lishi alohida qo‘llangan holatga nisbatan ancha kuchaygani va o‘smaga qarshi yuqori faollik yuzaga kelgani aniqlandi.
Preparat qachon amaliyotga tatbiq etiladi
Hozircha CTX-439 insonlarda qo‘llash uchun tasdiqlanmagan va klinikagacha bo‘lgan sinov bosqichida turibdi. Olimlar yangi kombinatsiyalangan davolash usulining bemorlar uchun xavfsizligi hamda samaradorligini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha tadqiqotlarni davom ettiradi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q