Senat qo‘pol yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi. Mast holda takroran mashina haydash va bolalarga rul berish ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, tezlikni oshirish jarimalari ham ko‘tariladi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi. Hujjat prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi.
Mast holda takroran haydash uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi
Transport vositasini mast holda boshqarganlik uchun javobgarlik keskin kuchaytirilmoqda — statistikaga ko‘ra, bunday qoidabuzarliklar soni 2024-yildagi 11 994 tadan 2025-yilda 13 521 taga yetgan.
Jinoyat kodeksining 261-1-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, transport vositasini mast holda takroran boshqarganlik uchun 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganlarga rul berganlik uchun 5 yilgacha qamoq
2025-yilda mamlakatda 14 yosh va undan kichik bolalar ishtirokida 168 ta YTH sodir bo‘lgan. Shu sababli Jinoyat kodeksi yangi 261-3-modda bilan to‘ldirilmoqda:
-
agar bolaga mashina boshqaruvini berish o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilishiga sabab bo‘lsa — 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
-
agar bu harakat odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Ma’muriy tartibda esa voyaga yetmagan shaxsga boshqaruvni topshirganlik uchun 50 BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Tezlikni oshirganlik uchun yangi jarimalar va haydovchilik huquqidan mahrum qilish
2026-yilning dastlabki 9 oyida tezlikni 40–60 km/soatga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta holat qayd etilgan. Yangi qonun bilan qoidabuzar haydovchilarga nisbatan sanksiyalar oshirilmoqda:
-
tezlikni 40 km/soatdan ortiq oshirish — 25 BHM gacha jarima;
-
tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish — 45 BHM gacha jarima;
-
tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirish — 65 BHM jarima va 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilish.
Drift va noqonuniy poygalarga qarshi choralar kuchaytiriladi
Bundan tashqari, yo‘l bezoriligi, noqonuniy avtopoygalar, xavfli manyovrlar, drift hamda boshqa harakat ishtirokchilariga qasddan to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik ham kuchaytirilmoqda. 2026-yilning 9 oyida respublikada yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq 572 ta holat aniqlangan (2025-yil davomida — 604 ta).





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q