So‘nggi:
Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bankni e’lon qildiJamiyatToshkentda shahar telefoni bahonasida aldangan nafaqaxo‘r ayol 370 mln so‘mini firibgarlarga topshirib qo‘yishiga bir bahoya qoldiJamiyatO‘zbekistonliklar AQSh qishloq xo‘jaligiga H-2A vizasi bo‘yicha mavsumiy ishga jalb etiladiJamiyatUrganchda BYD Chazor haydovchisi janjal sabab bir nechta mashinani qasddan urib pachoqladiJamiyatToshkent kelin kuyovdan katta bo‘lgan nikohlar soni bo‘yicha yetakchi bo‘ldiJamiyat2028-yildan O‘zbekistonda ro‘yxatga olinmagan hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish taqiqlanadiJamiyatMahallalar uyushmasi Shahrisabzdagi holatga munosabat bildirdiJamiyatToshkentda intim fotosuratlarni tarqatish bilan tahdid qilgan 31 yoshli tovlamachi ushlandiJamiyatYo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun Senatga yuborildiSiyosatPentagon qurol sinovlari bo‘yicha 25 yillik ochiq hisobotlarni yashirdiDunyo

Tramp majburiy mehnatga qarshi kurash bahonasida 60 ta davlatga yangi import bojlarini joriy etdi

Tramp majburiy mehnatga qarshi kurash bahonasida 60 ta davlatga yangi import bojlarini joriy etdi

AQSH prezidenti Donald Tramp majburiy mehnatning oldini olmaganlikda ayblab 60 ta davlatga 10 foizdan 12,5 foizgacha yangi import bojlarini joriy qildi. Markaziy Osiyodan faqat Qozog‘iston ro‘yxatga kiritildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 60 ta davlatni o‘z hududida majburiy mehnatga barham berish va uning oldini olish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmaganlikda ayblab, ularga nisbatan yangi import bojlarini joriy etdi. Euronews xabariga ko‘ra, ushbu yangi cheklovlar qatoriga Markaziy Osiyo mintaqasidan faqat Qozog‘iston Respublikasi kiritilgan bo‘lib, unga 12,5 foizlik boj stavkasi belgilangan.

Belgilangan 10 foizdan 12,5 foizgacha bo‘lgan yangi boj stavkalari 24-iyul kunidan e’tiboran rasman kuchga kiradi. Ular joriy yilning boshida Tramp ma’muriyati tomonidan kiritilgan va amal qilish muddati ayni shu kuni yakuniga yetadigan 10 foizlik umumjahon (global) bojlar o‘rnini egallaydi. Vashingtonning ushbu qarori AQSH importining 99 foizini tashkil etuvchi yirik iqtisodiyotlarga, jumladan, Xitoy, Hindiston hamda Yevropa Ittifoqi kabi o‘nlab asosiy savdo hamkorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. AQSH Savdo vakili Jeymison Grirning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar majburiy mehnat vositasida ishlab chiqarilgan har qanday tovarlar importini qat’iy taqiqlaydi va mamlakatning savdo hamkorlari ham xuddi shunday standartlarga amal qilishi shart.

Qarorning huquqiy va iqtisodiy asoslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025-yilda Tramp dunyoning deyarli barcha davlatlariga ikki xonali import bojlarini kiritgan edi. Biroq joriy yilning fevral oyida AQSH Oliy sudi prezident 1977-yildagi «Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risida»gi qonunga tayanib bunday keng ko‘lamli bojlar joriy etishga qonuniy huquqqa ega emas deb topdi hamda ma’muriyatni jabrlangan importchilarga tovon puli to‘lashga majbur qildi. Shundan so‘ng Tramp 1974-yildagi «Savdo to‘g‘risida»gi qonunning 122-moddasiga asosan 150 kunlik muddatga mo‘ljallangan 10 foizlik global boj tartibini o‘rnatgan edi.

24-iyuldan kuchga kirayotgan yangi cheklovlar esa 1974-yildagi «Savdo to‘g‘risida»gi qonunning 301-moddasiga tayanadi. Ushbu modda AQSH prezidentiga «asossiz» va «kamsituvchi» savdo amaliyotini qo‘llayotgan davlatlarga nisbatan bojlar va sanksiyalar kiritish bo‘yicha keng vakolat beradi. Yangi hujjatga ko‘ra, Kanada, Yevropa Ittifoqi, Hindiston va Buyuk Britaniya uchun 10 foizlik boj stavkasi o‘rnatilgan bo‘lsa, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Qozog‘iston kabi mamlakatlar uchun bu ko‘rsatkich 12,5 foizni tashkil etmoqda.

Ushbu qaror xalqaro hamjamiyat va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin e’tirozlar hamda mulohazalarga sabab bo‘ldi. Tovarlariga 12,5 foizlik boj belgilangan Braziliya hukumati Vashingtonning ushbu harakatini «o‘zboshimchalik va asossiz» deb atadi hamda AQSHga nisbatan javob tariflarini joriy etishini bildirdi. Braziliya rasmiylariga ko‘ra, Vashington 59 ta davlat va Yevropa Ittifoqini asossiz ayblash va o‘z geosiyosiy ile maqsadlariga erishish uchun butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari va mehnatkashlar huquqlari kabi muhim masalani niqob qilib olgan. O‘z navbatida, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar ham yangi tariflar ortidagi siyosiy sabablarga shubha bilan qarashayotgan bo‘lsa-da, ushbu iqtisodiy bosim mexanizmi jahon miqyosida majburiy mehnat ko‘lamini qisqartirishga xizmat qilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.