Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishga oid qarorni imzoladi. Profilaktika inspektorlari mahallalardagi yo‘l qoidabuzarliklari uchun jarima solishi, YHXBB esa axlat tashlaganlarni jarimaga tortishi mumkin bo‘ladi.
Hujjatga ko‘ra, IIV tarkibidagi jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati bir yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi hamda fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa qilib belgilanadi. Yil yakuniga qadar «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Islohotlar doirasida profilaktika inspektorlarining vakolatlari sezilarli darajada kengaytiriladi. Xususan, uchastka inspektorlariga birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli huquqbuzarliklar bo‘yicha ogohlantirish berish, shuningdek, mahallalar va piyodalar yo‘laklarida Yo‘l harakati qoidalarini buzishning 4 ta turi bo‘yicha bevosita jarima va jazo choralarini qo‘llash huquqi beriladi. Bundan tashqari, ilgari shahar va tuman IIB boshliqlari vakolatida bo‘lgan 9 turdagi ma’muriy ishlar ham profilaktika inspektorlariga o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, IIVning boshqa xizmatlari vakolatlarida ham o‘zgarishlar yuz beradi. Yo‘l-patrul xizmati (YHX) xodimlariga belgilanmagan joylarga axlat tashlaganlik va jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilganlik uchun jarima solish huquqi beriladi. Patrul-post xizmati xodimlari esa tirbandliklarni bartaraf etish hamda chorrahalardagi harakatni tartibga solishga jalb etilishi mumkin. Fuqarolar uchun profilaktika inspektorining faoliyatiga baho berish va aholi ovozi berish asosida unga nisbatan «ishonchsizlik bildirish» mexanizmi joriy etiladi.
Sohani raqamlashtirish maqsadida 2026-yil yakuniga qadar yo‘llardagi xavfli hududlar va avariyalar o‘choqlarini tahlil qiluvchi YHQ elektron xaritasi ishga tushiriladi. 2027-yil avgustigacha esa fuqarolarga profilaktika inspektorlariga real vaqt rejimida murojaat yuborish imkonini beruvchi «Mening inspektorim» ilovasi yaratilib, unga kelgan murojaatlar darhol ko‘rib chiqilmasa, avtomatik ravishda «112» tizimiga yo‘naltiriladi.


