Yo‘l harakatini tashkil etish markazi Oqtepa maydonidagi chorrahada chapga burilishlarni tashkil etdi. Bu Lutfiy va Samarqand Darvoza ko‘chalaridan kelayotgan haydovchilarning masofasini 600 metrga va vaqtini 10 daqiqagacha tejaydi.
Toshkent shahrida yana bir muammoli transport tugunida harakatlanish sxemasi o‘zgartirildi. Bu safar tuzatishlar Oqtepa maydoni atrofidagi chorrahaga daxldor bo‘lib, ilgarilari haydovchilar kerakli ko‘chaga o‘tish uchun ortiqcha aylanma yo‘llarni bosib o‘tishga va ortga qayrilib olishga majbur bo‘lishayotgan edi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabariga ko‘ra, chorrahada svetofor orqali chapga burilish uchun yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Bu avtomobillarning ortiqcha masofa bosib o‘tishini va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Asosiy o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:
Birinchidan, Lutfiy ko‘chasidan Nurafshon va Seul ko‘chalari yo‘nalishida harakatlanayotgan haydovchilar uchun sharoit o‘zgardi. Ilgari ular Muqimiy ko‘chasiga chiqib, qayrilib olish joyigacha borib, ortga qayrilgachgina yo‘llarida davom etishga majbur edi. Endilikda svetoforning tegishli ishorasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga — Nurafshon va Seul ko‘chalari tomonga burilish imkoniyati yaratildi.
Ikkinchidan, Samarqand Darvoza ko‘chasi tomonidan kelayotgan transport vositalari uchun ham shunday qulaylik joriy etildi. Ilgari Lutfiy va Muqimiy ko‘chalariga o‘tish uchun Nurafshon ko‘chasiga chiqib qayrilib olish joyini qidirish talab etilardi. Endi esa svetofor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilib, Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari tomonga harakatlanish mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar natijasida haydovchilarning qatnov yo‘nalishi deyarli 600 metrga qisqardi. Nurafshon va Muqimiy ko‘chalaridagi qayrilib olish joylarida hosil bo‘ladigan tirbandliklar keskin kamayadi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, odatiy vaqtlarda yo‘lga ketadigan vaqt 4 daqiqagacha, tiqilinch (pik) vaqtlarida esa 10 daqiqagacha tejallaydi.
Shuningdek, piyezodalar xavfsizligi ham e’tibordan chetda qolmadi. Chorrahada piyodalar o‘tish joylari tashkil etilib, yo‘ldan xavfsiz o‘tish uchun alohida piyodalar svetoforlari o‘rnatildi.




