Qozog‘istonning «Yo‘lovchi tashish» kompaniyasi 1-oktabrdan Olmaota — Toshkent xalqaro poyezdi tarkibida ilk bor «Ayollar vagoni» xizmatini joriy etadi. Chiptalar faqat ayollarga sotiladi.
Qozog‘istonning «Passajirskiye perevozki» («Yo‘lovchi tashish») kompaniyasi joriy yilning 1-oktabridan e’tiboran Olmaota — Toshkent xalqaro poyezdi tarkibida «Ayollar vagoni» xizmatini yo‘lga qo‘yadi.
Kompaniya boshqaruvi raisi Anuar Axmetjanovning ta’kidlashicha, ushbu qaror ikki mamlakat o‘rtasidagi yo‘lovchilar oqimining ortgani hamda xalqaro yo‘nalishda qulaylik va xavfsizlikka bo‘lgan yuqori talabni inobatga olgan holda qabul qilingan. «Ayollar vagoni» uchun chiptalar faqat ayol yo‘lovchilarga sotiladi va ularga 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarni o‘zlari bilan olib yurishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ushbu vagonlarda xizmat ko‘rsatish ham to‘liq ayol kuzatuvchilar (provodniklar) tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirgi kunda Olmaota va Toshkent o‘rtasidagi poyezd har kuni qatnamoqda: u Olmaotadan soat 19:05 da jo‘nab ketib, ertasi kuni soat 12:53 da Toshkentga yetib keladi, ortga qarama-qarshi qatnov esa soat 14:41 da yo‘lga chiqadi.
Ma’lum qilinishicha, «Ayollar vagoni» loyihasi ichki yo‘nalishlarda o‘zini oqlagan bo‘lib, yo‘lga qo‘yilganidan buyon undan 946 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalangan. Toshkent yo‘nalishi qo‘shilishi bilan Qozog‘istonda bunday maxsus vagonlar mavjud bo‘lgan poyezd yo‘nalishlari soni 14 taga yetadi.



