FVV Buxoro viloyatida tarqalgan chigirtkalar to‘g‘risidagi videolarga munosabat bildirdi. Vaziyat lokal xarakterga ega bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlariga hech qanday xavf yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati va mamlakatimizning boshqa g‘arbiy hududlarida tushirilgan, unda ulkan chigirtkalar galasi aks etgan videolavhalar tarqaldi. Kadrlarda hasharotlar avtomobil yo‘llari, binolar hamda A-380 magistral yo‘li yoqasidagi maydonlarni qoplab olganini ko‘rish mumkin.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, ushbu hodisa chigirtkalarning har yilgi mavsumiy migratsiyasi bilan bog‘liqligini va lokal xarakterga egaligini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, ayni paytda qishloq xo‘jaligi ekinlariga nisbatan hech qanday xavf mavjud emas, vaziyat esa mas’ul xizmatlar tomonidan to‘liq nazorat qilinmoqda.
Zararkunandalarning ko‘payib ketishining oldini olish maqsadida FVV, Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi hamda boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda doimiy ravishda kimyoviy ishlov berish tadbirlarini amalga oshirmoqda. Bunday profilaktik choralar ham mavsum oldidan, ham hasharotlar faollashgan davrda izchil davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi oxirida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida chigirtka lichinkalari ochib chiqishi boshlangan edi. Zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlariga 700 ga yaqin mutaxassis jalb etilgan. Umuman olganda, 2026-yil davomida respublika bo‘yicha 651,8 ming gektardan ortiq maydonda kimyoviy ishlov berish ishlari rejalashtirilgan. Fuqarolar chigirtkalar ommaviy ko‘paygan holatlarga guvoh bo‘lsa, 1288 yoki 71 202 10 00 telefon raqamlariga xabar berishlari so‘raladi.



