IIV tomonidan e’lon qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, mahkumlar infokiosk, veb-sayt va mobil ilovalar orqali mahsulotlarni onlayn xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Cheklovlar va ruxsat berilgan buyumlar ro‘yxati yangilanmoqda.
Onlayn xaridlar va yetkazib berish tartibiga kiritilayotgan yangiliklar
Oʻzbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarga ruxsat berilgan oziq-ovqat va zaruriy buyumlarni onlayn tarzda xarid qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan buyruq loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatga koʻra, mahkumlar uchun ruxsat etilgan mahsulotlarni ularning oʻzlari yoki qarindoshlari ikki xil usulda xarid qilishlari mumkin boʻladi:
-
Anʼanaviy usul: posilka yuborish yoki shaxsiy uchrashuv vaqtida topshirish.
-
Onlayn usul: muassasa ichidagi infokiosklar, maxsus veb-saytlar va mobil ilovalar orqali buyurtma berish.
Buyurtma qilingan yoki yetkazib berilgan mahsulotlar hajmi belgilangan meʼyordan oshib ketgan taqdirda, ortiqcha buyumlar musodara qilinmaydi, balki tegishli dalolatnoma tuzilgan holda muassasa omborxonasiga saqlash uchun topshiriladi. Shuningdek, manzil-kolaniyalarda jazoni oʻtayotgan mahkumlar uchun mahsulotlar sotib olish va saqlash boʻyicha oylik vazn hamda miqdor cheklovlarini butunlay bekor qilish taklif etilmoqda.
Ruxsat berilgan 24 turdagi mahsulot va buyumlar roʻyxati
Loyiha bilan mahkumlarga oʻzi bilan saqlash va sotib olishga ruxsat beriladigan mahsulotlar hamda ashyolarning yangilangan roʻyxati tasdiqlanmoqda. U oʻz ichiga 24 ta asosiy kategoriyani oladi:
-
Non va un mahsulotlari: bulochka, yopgan non, suxari, makaron mahsulotlari.
-
Tuzlangan va dudlangan baliq: losos, seld, skumbriya hamda baliq sneklari.
-
Sariyogʻ, pishloq, yogʻ (salo) va jiz: salo va jiz faqat zavod oʻramida (upakovka) boʻlishi shart.
-
Quruq qandolatchilik mahsulotlari: pechenye, vafli, kreker, konfet, shokolad va milliy shirinliklar.
-
Choy, kofe va kakao.
-
Sabzavotlar, mevalar, yongʻoq va quritilgan mevalar: olma, nok, sitrus mevalar, bodom, keshye, pista, oʻrik magʻzi, oshqovoq urugʻi, turshak, mayiz, qora olxoʻri va quritilgan anjir.
-
Konservalar: baliq, goʻsht, sabzavot hamda meva konservalari.
-
Ziravorlar va souslar: xantal (gorchitsa), ketchupt, mayonez, ajika hamda boshqa ruxsat berilgan souslar.
-
Xujurlashtirilgan sut (sgushchenka) va qurt.
-
Tez tayyorlanadigan mahsulotlar: tez tayyorlanadigan ugra (lapsha) va quruq shoʻrvalar.
-
Ichimliklar va sharbatlar: ichimlik va mineral suvlar, gazlangan hamda vitaminli ichimliklar, nektarlar.
-
Kolbasa mahsulotlari: kurka goʻshtidan kolbasa, klassik yarim dudlangan kolbasa, salyami va boshqa ruxsat etilgan turlar.
-
Tamaki mahsulotlari va gugurt: sigaretalar, nosvoy hamda oddiy yogʻoch gugurtlar.
-
Kantselyariya turlari: qogʻoz, nusxa koʻchirish qogʻozi (kopirka), bloknot, daftar, konvert, pochta markalari, sharikli ruchka, qalam va oʻchirgʻich.
-
Xoʻjalik buyumlari: idish yuvish gubkalari, tagliklar (podporsmik), metal mochalkalar, supurgi, izolenta, axlat konteyneri va xaltalari, poyabzal kremi, soch oladigan mashinka, chivin qarshi toʻr, dastalik mochalka, pashsha uragich, futbol boti, plastik chelak, togʻora, choʻtkacha va axlat kurakchasi, stol tennisi raketkasi, rezina qoʻlqop va shippaklar, skotch, qogʻoz stakanlar, xoʻjalik sumkasi, gulvaklar, poyabzal va kiyim choʻtkalari.
-
Shaxsiy gipiyena vositalari: tish pastasi va choʻtkalari, bir martalik ustorlar (britva), soqol olish koʻpigi va kremi, soqoldan keyingi krem, shampun, soch yogʻi, xna, sovun, suyuq sovun, dush geli, dezodorantlar, yuz va qoʻl kremlari, hojatxona qogʻozi, qogʻoz va hoʻl salfetkalar, ayollar gipiyenasi vositalari, paxtali tayoqchalar, sovundon, kir qistiragich hamda soch toʻnogʻichlari, havo xushboʻylagichlar.
-
Maishiy kimyo va kir yuvish vositalari: oq va rangli kiyimlar uchun kir yuvish gellari, qora kiyimlar uchun vositalar, qoʻlda yuvish kukuni hamda nozik matolar uchun vositalar.
-
Lattalar, salfetkalar va idish yuvish vositalari: derazalar uchun mikrofibra salfetkalar, universal salfetkalar, idish yuvish vositalari, tozalovchi kukun va gellar, yogʻ ketkazuvchilar hamda universal tozalagichlar.
-
Kiyim-kechak, koyka choyshablari, sochiq va poyabzal: choʻmilish va yuz sochiqlari, ichki kiyim jamlanmalari, issiq gamashlar, choyshab jamlanmalari, paypoqlar, kunlik shimlar, erkaklar va ayollar poyabzali.
-
Ruxsat etilgan adabiyotlar va diniy anjomlar: badiiy va publitsistik adabiyotlar, gazeta va jurnallar, ilmiy-ommabop hamda texnik nashrlar, diniy adabiyotlar, joynamoz va tasbeh.
-
Darsliklar, lugʻatlar va davriy nashrlar: umumiy va oily taʼlim darsliklari, oʻquv qoʻllanmalari, chet tillarini oʻrganish adabiyotlari, lugʻatlar, jamiyat-siyosiy va boshqa ruxsat berilgan jurnallar hamda gazetalar.
-
Stol oʻyinlari: bir jamlanmadan shaxmat, shashka, domino va nard.
-
Shaxsiy yozishmalar, fotosuratlar va fotoalbomlar: shaxsiy va rasmiy xatlar, shaxsiy rasmlar va fotoalbomlar.
-
Sharflar, roʻmollar, kamar va tikuvchilik buyumlari: mavsumiy sharflar, dastroʻmollar, faqat yumshoq qistiragichli (metall toʻqasiz) kamar va tikuv iplari jamlanmasi.
Nazorat va kelishuv bosqichi
Mahsulotlarning miqdori, turi va oʻramiga boʻlgan talablar jazoni ijro etish muassasalari administratsiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Sanitariya-epidemiologik normalarga muvofiq ayrim turdagi tovarlarga mavsumiy cheklovlar kiritilishi mumkin. Loyiha Bosh prokuratura, Oliy sud, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan. Muhokama jarayoni 3-sentabrgacha davom etadi.



