NAPP «Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat sukuq, derivativlar va valyuta obligatsiyalarini joriy etish, xorijiy investorlar uchun kirishni soddalashtirish hamda regulyator vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi amaldagi qonun o‘rnini egallashi kutilayotgan «Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasining asosiy qoidalarini taqdim etdi, deb xabar beradi Gazeta.uz. Hujjat Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan bo‘lib, amaldagi 9 ta bob va 64 ta moddadan iborat qonun o‘rniga 16 ta bob va 123 ta moddadan tashkil topgan mukammal tizimni taqdim etadi. Loyihani ishlab chiqishda Osiyo taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) kabi xalqaro tashkilotlar tajribasi inobatga olingan.
NAPP ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat kapital bozorining kapitalizatsiyasi 2023-yildagi 171,4 trillion so‘mdan 2025-yilda 284,6 trillion so‘mga yetib, ikki yilda deyarli 66 foizga o‘sdi. Birja savdolari hajmi ushbu davrda 2,7 trillion so‘mdan 9,8 trillion so‘mga (3,6 baravar), birjadan tashqari bitimlar esa 178,5 milliard so‘mdan 7,85 trillion so‘mga (40 baravardan ziyod) oshdi. Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi hajmi 269,1 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, shundan asosiy ulush aksiyalarga (265,1 trillion so‘m) to‘g‘ri keldi, obligatsiyalar emissiyasi esa uch baravardan ziyod ko‘payib, 3,93 trillion so‘mga yetdi. Shunga qaramay, bozorda past likvidlik, infratuzilmaning yetarlicha rivojlanmagani va nerezidentlarning mahalliy bozorgan kirishidagi murakkabliklar saqlanib qolmoqda.
Islohotning asosiy yo‘nalishlaridan biri yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etishdan iborat. Qonun loyihasi qoplangan obligatsiyalar, hosilaviy moliyaviy instrumentlar (derivativlar), sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar, sukuq (islomiy qimmatli qog‘ozlar), barqaror rivojlanish obligatsiyalari, suboridnatsiyalangan hamda xorijiy valyutadagi obligatsiyalarning huquqiy asosini yaratadi. NAPP prognozlariga ko‘ra, ushbu yangi instrumentlar evaziga fond bozori orqali investitsiyalarni jalb qilish hajmi 2026-yildagi 10 trillion so‘mdan 2030-yilga borib 20 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.
Islomiy qimmatli qog‘ozlar (sukuq) bo‘yicha sheriklik, ijara, savdo va agentlik kabi turlar nazarda tutilgan. Ularni chiqarish tashabbuskorning ajratilgan aktivlari bazasida maxsus moliyaviy kompaniya (SPV) orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, Markaziy bank yoki hukumat tomonidan vakolat berilgan organ nomidan davlat sukuqlarini chiqarishga ham ruxsat beriladi. Soliq imtiyozlari doirasida investitsiya fondlarining dividend shaklidagi daromadlari soliqdan ozod qilinadi. Xorijiy valyutadagi obligatsiyalar va sukuqlar bo‘yicha daromadlar (shu jumladan kurs farqi) 2038-yilga qadar foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan to‘liq ozod etilishi rejalashtirilgan.
Xorijiy investorlar uchun bozorgan kirish keskin soddalashtiriladi. Loyiha xorijiy nominal saqlovchilar institutini joriy etadi, ya’ni tan olingan xorijiy kastodianlar va depozitariylar Markaziy depozitariyda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobvaraqlari ochish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, professional ishtirokchilarning o‘z-o‘zini tartibga soluvchi tashkilotlari, reyting agentliklari hamda malakali investorlar toifasi joriy etiladi. Moliya bozorida bitimlar bajarilmasligi xavfini o‘z ustiga oluvchi Markaziy kontragent instituti tashkil etiladi.
NAPPning nazorat vakolatlari IOSCO standartlariga muvofiq sezilarli darajada kengaytiriladi. Regulyatorga nazorat funksiyalarini bajarish uchun bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni so‘rab olish hamda ishtirokchilarga mustaqil ravishda moliyaviy sanksiyalar qo‘llash huquqi beriladi. Xususan, qoidabuzar kompaniya kuzatuv kengashi yoki boshqaruvi a’zosidan uning yillik mukofot pulining 100 foizigacha miqdorida jarima undirilishi yoki noqonuniy olingan daromadning ikki baravari miqdorida sanksiya qo‘llanishi mumkin. Regulyator sud qarorisiz professional ishtirokchilar litsenziyasi hamda mutaxassislar sertifikatini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish, shuningdek, investitsiya vositachilarining brokerlik faoliyatini 3 oygacha cheklash huquqiga ega bo‘ladi.
Kelajakdagi amaliy choralar sifatida yirik davlat kompaniyalarining aksiyalarini mahalliy va xalqaro birjalarda SPO (aksiyalarni ikkilamchi joylashtirish) orqali erkin muomaladagi ulushini oshirish, milliy depozitariyni Clearstream va Euroclear kabi xalqaro tizimlar bilan integratsiya qilish va «Toshkent» respublika fond birjasi infratuzilmasini yangilash belgilangan.




