O‘zbekistonda yilda 208 nafar fuqaroga «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomi berilishi va ularga avtokredit,kontrakt to‘lovi hamda davlat xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlar taqdim etilishi kutilmoqda.
Loyiha mazmuni va maqom berish tartibi
O‘zbekistonda fuqarolarning jamiyat hayotidagi rolini oshirish va dolzarb masalalarni hal etishdagi tashabbuskorligini rag‘batlantirish maqsadida «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomini berish tartibi bo‘yicha qaror loyihasi 20-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan islohotlar dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, bir yil davomida 208 nafar fuqaro ushbu maqomga munosib deb topiladi. Ularga bir yil muddatga amal qiluvchi QR-kodli elektron guvohnoma, «Faol fuqaro» nishoni topshiriladi va yashash xonadoniga maxsus belgi o‘rnatiladi.
Maqomni olish uchun fuqarolar har oyning 15-sanasiga qadar Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) bepul ariza topshiradilar. Arizaga bajargan ishlarini tasdiqlovchi foto, video yoki maqolalar ilova qilinadi.
Hujjatlar «Raqamli mahalla» platformasi orqali mahalla yettiligi va vakolatli organlar tomonidan o‘rganilib, 25-sanagacha baholanadi. 75 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar orasidan avtomatik tarzda 208 talik kvota bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi (ballar teng bo‘lganda birinchi murojaat qilganga ustunlik beriladi).
Baholash mezonlari: «1 soat — 1 ball» tamoyili
Fuqarolarning mehnatini baholash «1 soat – 1 ball» tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi (har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori ball 20 ballni tashkil etadi):
-
«Yashil makon» va ekologik loyihalarda qatnashish: 20 ballgacha;
-
O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish: 20 ballgacha;
-
Mahallada nizoli oilalar masalasini hal etishda jamoatchi mediator bo‘lish: 20 ballgacha (taraflar roziligi va maxfiylik ta’minlangan holda);
-
Jamoatchilik hasharlarida faol qatnashish: 20 ballgacha;
-
Mahalladagi yoshlarni til va kasbga bepul o‘qitish: 20 ballgacha.
Belgilangan imtiyozlar ro‘yxati
«Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomini olgan shaxslar quyidagi ijtimoiy va moliyaviy imtiyozlarga ega bo‘ladilar:
-
Avtokredit bo‘yicha: avtotransport vositasi xaridi uchun kreditlarning boshlang‘ich badali 3 foizini qoplab berish(BHMning 20 baravaridan oshmagan miqdorda);
-
Oliy ta’lim bo‘yicha: davlat OTMlarida shartnoma (kontrakt) asosida o‘qish to‘lovi miqdorining 5 foizini qoplash;
-
Davlat xizmatlari bo‘yicha: davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi yig‘im va to‘lovlardan (davlat bojidan tashqari) 10 foiz chegirma.






Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q