Toshkentdagi 8 ta avtobus yo‘nalishida o‘tkazilgan reydlar davomida 2,1 mingdan ortiq chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortildi.
Reydlar va qoidabuzarliklar statistikasi
Toshkent shahrida 2026-yilning 28-oktabridan 2-noyabriga qadar 42, 56, 74, 84, 120, 169, 174 va 177-sonli avtobus yo‘nalishlarida yo‘l haqini to‘lash bo‘yicha nazorat tadbirlari kuchaytirildi. Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismiga asosan 2 152 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Eng ko‘p qoidabuzarlik 174-sonli yo‘nalishda aniqlandi — 291 ta bayonnoma. 120 va 56-sonli yo‘nalishlarda mos ravishda 286 va 284 ta, 169-sonli yo‘nalishda ham 284 ta bayonnoma tuzildi.
Yo‘lovchilar oqimining ortishi va qatnovlar hajmi
Olti kun davomida ushbu yo‘nalishlarda 6 501 ta qatnov bajarilib, 326 453 nafar yo‘lovchi tashindi.
Vazirlik ta’kidlashicha, nazorat tadbirlari natijasida yo‘l haqini to‘lab qatnovchi yo‘lovchilar soni keskin ortgan. Xususan,2-noyabr kuni 174-sonli yo‘nalishda yo‘lovchilar soni 28-oktabrga nisbatan 1 692 nafarga (32,4 foiz), 56-sonli yo‘nalishda esa 1 256 nafarga (13,9 foiz) ko‘paygani kuzatildi.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q