Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Boshqaruvchi Moliya markazi kengashining Bosh kotibi hisoblanadi, kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi, rais qatnashmagan majlislarda unga raislik qiladi.
Moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni muvofiqlashtirish boshqaruvchi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va Markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.
Shuningdek, boshqaruvchi Moliya markazi nomidan O‘zbekiston va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar hamda hamkorlar bilan munosabatlarda Markazga vakillik qiladi.
U kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda, jumladan, Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktori va uning o‘rinbosarlarini tayinlash hamda Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritishda ishtirok etadi.
Boshqaruvchi, shuningdek, bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.



