Samarqand viloyati Toyloq tumanida Zarafshon daryosi suvi temiryo‘l liniyasi ostidagi dambani yuvib ketdi. Oqibatda relslar tayanchsiz qolib, poyezdlar harakati xavf ostida qoldi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida transport tizimida jiddiy avariya holati qayd etildi. Tumandagi “Do‘stlik” mahallasi hududidan o‘tgan, Zarafshon daryosi yoqasida joylashgan temiryo‘l dambasi suv bosimi natijasida o‘pirilib tushdi. Daryo oqimi temiryo‘l relslari ostidagi tuproq va shag‘al qatlamini butunlay yuvib ketgan. Buning oqibatida relslar havoda osilib, tayanchsiz qolgan va yo‘lning ushbu qismi foydalanishga butunlay yaroqsiz holga kelgan.
Mazkur o‘pirilish o‘tgan 2025-yilning noyabr oyida Prezidentga taqdimoti olingan va qurilish ishlari 10 oy ichida jadal yakunlangan yangi Samarqand – Urgut temiryo‘l tarmog‘ida yuz berdi. Umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadigan ushbu yangi yo‘nalish Samarqand shahri, Jomboy, Past Darg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun zamonaviy hamda xavfsiz qatnovni ta’minlashi kerak edi.
Loyiha doirasida ikkita zamonaviy vokzal, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ikkita yirik yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etilgan edi. Hozirda infratuzilmaga yetgan zararni bartaraf etish, daryo qirg‘oqlarini qayta mustahkamlash va poyezdlar harakatini tiklash uchun hududga maxsus texnikalar hamda soha mutaxassislari jalb etilgan. Operativ guruh hodisa sabablarini o‘rganmoqda.



