Statistika agentligi aholi tarkibini ochiqladi. Mamlakatda 85 yoshdan oshgan uzoq umr ko‘ruvchilar soni 168,9 ming kishini tashkil etmoqda, ularning aksari ayollardir.
Taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, mamlakatdagi eng ko‘p sonli yosh guruhi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lib, ularning soni 4,6 million nafarni tashkil etmoqda.
Keyingi yosh toifalari bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha taqsimlangan: 5–9 yoshdagi bolalar 3,86 million nafar, 10–14 yoshdagilar 3,41 million nafar, 15–19 yoshdagi o‘smirlar esa 3,16 million nafardan iborat. 20–24 yoshdagi yoshlar soni 2,66 million nafarni, 25–29 yoshdagilar esa 2,65 million nafarni tashkil qiladi. Voyaga yetgan aholi o‘rtasida eng ko‘p sonli guruhlar sifatida 30–34 yoshdagilar (3,17 million nafar) hamda 35–39 yoshdagilar (3,09 million nafar) qayd etilgan.
Yosh shkalasi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda 40–44 yoshdagi aholi — 2,69 million nafar, 45–49 yoshdagilar — 2,24 million nafar, 50–54 yoshdagilar — 1,91 million nafar va 55–59 yoshdagilar — 1,65 million nafar ko‘rsatkich bilan bormoqda. Katta yoshli guruhlarda esa dinamika quyidagicha: 60–64 yoshda 1,47 million nafar, 65–69 yoshda 1,17 million nafar aholi istiqomat qiladi. 70–74 yoshdagi fuqarolar soni 669 ming nafarni, 75–79 yoshdagilar 343 ming nafarni, 80–84 yoshdagilar esa 130 ming nafarni tashkil etmoqda. 85 yosh va undan katta bo‘lgan fuqarolar soni 168,9 ming nafarga yetgan bo‘lib, ularning aksariyat qismi — 86,8 ming nafari ayollardir.
Agentlik tahlilchilari e’tiborga molik gender tendensiyasini qayd etishdi: O‘zbekistonda 40 yoshgacha bo‘lgan barcha yosh guruhlarida erkaklar soni ustunlik qiladi. 40–44 yosh guruhida erkaklar va ayollar soni deyarli tenglashadi. Biroq 45 yoshdan oshgandan keyin gender muvozanati o‘zgaradi va barcha keyingi katta yoshli guruhlarda aholining ko‘pchilik qismini ayollar tashkil qiladi.





