O‘zbekiston kuchli pasportlar reytingida 123-o‘rinni egalladi. Global Citizen Solutions kompaniyasi tomonidan Global Passport Index (GPI) 2026-yilgi reytingi e’lon qilindi.
Faqatgina viza talab qilinmaydigan mamlakatlar sonini hisobga oladigan Henley Passport Index’dan farqli o‘laroq, Global Passport Index davlatlarning sayohat qilish imkoniyati (mobillik), investitsiyaviy jozibadorligi va hayot sifatini ham majmuaviy ravishda baholaydi.
O‘zbekiston alohida indekslar bo‘yicha mobillikda 129-o‘rin, investitsiyalarda 89-o‘rin va hayot sifati bo‘yicha 119-o‘rinni qayd etgan.
Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari orasida Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda (107-o‘rin). Keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston (123-o‘rin), Qirg‘iziston (127-o‘rin), Tojikiston (140-o‘rin) va Turkmaniston (144-o‘rin) egallagan. Afg‘oniston esa 197-o‘rin bilan reytingni yakunlagan.
Dunyoning eng kuchli pasportlari reytingida Shvetsiya yetakchilik qilmoqda: u mobillik indeksi bo‘yicha 11-o‘rin, investitsiyalar bo‘yicha to‘qqizinchi va hayot sifati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda joylashgan. Ikkinchi o‘rinni Shveysariya qayd etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin hayot sifati bo‘yicha dunyoda birinchi bo‘lib turgan Finlyandiyaga tegishli. To‘rtinchi pog‘onani Germaniya egallagan, yetakchilar beshligini esa Niderlandiya va Daniya yakunlab bergan. Kuchli o‘ntalikka, shuningdek, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya va o‘ntalikka kirishga muvaffaq bo‘lgan yagona boshqa mintaqa davlati — Singapur (10-o‘rin) ham kirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil aprel oyida e’lon qilingan Henley Passport Index reytingida O‘zbekiston 74-o‘ringa ko‘tarilgan edi (yil boshida mamlakat 75-pog‘onada edi). O‘shanda Qozog‘iston pasporti mintaqada yetakchi bo‘lib, 61-o‘rinni egallab turgandi.





