Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida, Hamid Olimjon (Darxon) metro bekati yaqinida joylashgan ko‘p qavatli binolarning birida yong‘in chiqdi. Guvohlar binoning yuqori qavatlaridan ko‘tarilayotgan quyuq qora tutun aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishdi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 16:38 da yetib borishgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida yong‘in o‘chog‘i soat 16:52 da qurshab olindi va soat 16:59 da to‘liq bartaraf etildi.
Qutqaruvchilarning ta’kidlashicha, hodisa oqibatida jarohat olganlar yoki qurbonlar yo‘q. Hozirda tegishli mutaxassislar yong‘in sabablarini aniqlash va yetkazilgan moddiy zarar miqdorini baholash bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib bormoqda.





