Raqobat qo‘mitasi tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarini o‘rganib, axloqqa zid va erotik mazmundagi 500 ta videoni aniqladi. Jizzaxdagi roliklar o‘chirildi.
Tekshiruv davomida nimalar aniqlandi
Mutaxassislar ko‘ngilochar maskanlarning Instagram’dagi rasmiy sahifalarida e’lon qilinayotgan kontentga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi «JIZZAX LEADER FOOD» hamda «AZIZ BOGHISHAMOL CLUB» MCHJlarga qarashli tungi klublarning reklama roliklari tahlil qilindi.
Videomateriallar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi.Idoraning rasmiy xulosasiga ko‘ra:
-
roliklarda erotik mazmundagi lavhalar mavjud bo‘lgan;
-
reklama uslubi milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, jamiyatda qabul qilingan axloq va ma’naviyat normalariga zid keladi;
-
mazkur e’lonlar axloqsiz reklama tarqatishni taqiqlovchi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasitalablarini qo‘pol ravishda buzgan.
Ko‘rilgan choralar
Qo‘mita aralashuvi va ekspertiza xulosasidan so‘ng tungi klublar ma’muriyati barcha noaxloqiy videoroliklarni o‘zlarining rasmiy sahifalaridan o‘chirib tashladi. Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik subyektlariga internet tarmog‘ida o‘z xizmatlarini targ‘ib qilishda qonunchilik va axloqiy me’yorlarga qat’iy rioya etish zarurligini eslatib o‘tdi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q