So‘nggi:
Saida Mirziyoyeva narkotahdidlarga qarshi kurash masalalarini muhokama qildi | O‘zbekiston aholining bandlik darajasi bo‘yicha dunyo reytingining ikkinchi yuztaligida qayd etildi | O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflari yana oshishi kutilmoqda | Tirbandlik va jazirama Toshkentni tungi ish rejimiga o‘tishga majbur qildi | O‘zbekistonda o‘quvchi va talabalar narkotikka testdan o‘tkaziladi | Tim Kuk 15 yillik boshqaruvdan so‘ng Apple rahbarligidan ketishini e’lon qildi | Rossiya armiyasidagi o‘zbekistonliklar soni 4,8 mingdan oshdi | my.gov.uz orqali telefon raqamini boshqa shaxs nomiga o‘tkazish imkoniyati yaratildi | Shavkat Mirziyoyev xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun Qozog‘istonga jo‘nab ketadi | O‘zbekistonliklar mart oyida go‘sht, sut va energiya resurslari narxi oshganini ko‘proq his qilishdi |

O‘zbekistonda eng kam aliment miqdori ikki baravardan ko‘proqqa oshirilishi mumkin

O‘zbekistonda eng kam aliment miqdorini 715 ming so‘mga yetkazish va ajrimda bolani uy-joy bilan ta’minlash tartibi joriy etilishi taklif qilinmoqda.

O‘zbekistonda aliment to‘lash tizimi va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid oila qonunchiligi tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Oilalar va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida voyaga yetmaganlar uchun to‘lanadigan eng kam aliment miqdorini amaldagi hisoblash tartibidan voz kechib, uni minimal iste’mol xarajatlari darajasiga (715 ming so‘m) yetkazish taklif etilmoqda. Hozirda bu ko‘rsatkich mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘langan bo‘lib, qariyb 336,8 ming so‘mni tashkil etadi. Aliment miqdorining bunday keskin oshirilishi bolaning munosib turmush darajasini ta’minlash va uning moddiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.

Loyiha bilan nafaqat moddiy ta’minot, balki ajrimdan keyingi uy-joy masalasiga ham yangicha yondashuv joriy etiladi. Xususan, sudlarga ajrashayotgan oilalarning farzandlarini turar joy bilan ta’minlash masalasini hal qilish vakolati berilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, ajrimdan so‘ng ayollarning aksariyati farzandi bilan ota uyiga qaytishga majbur bo‘lmoqda, bu esa o‘z navbatida boshqa bir oilada (aka-ukalarning xonadonida) yangi nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti. Shu bois, sudlar endilikda bolaning yashash joyini belgilash bilan birga, uning uy-joy huquqini kafolatlash masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun aliment, pensiya va nafaqalarni jamg‘arib borish maqsadida ularning nomiga majburiy tartibda bank hisobraqamlari ochiladi. Ushbu mablag‘larning to‘planishi va saqlanishi vasiylik va homiylik organlari tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Shuningdek, nikoh shartnomasi mazmuni ham kengaytirilib, unga nafaqat mulkiy masalalarni, balki bolalar tarbiyasi va ta’limi bo‘yicha kelishuvlarni ham kiritish taklif etilmoqda. Ushbu islohotlar majmuasi ajrim jarayonida ayollar va bolalarning psixologik hamda moddiy bosimini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.