O‘zbekistonda Oilaviy kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ajrimdan oldin yarashish muddati 1 yilgacha uzaytirilishi va aliment tizimi isloh qilinishi taklif etildi.
O‘zbekistonda oilalar mustahkamligini ta’minlash va ajrimlar sonini kamaytirish maqsadida Oilaga oid qonunchilikka jiddiy o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda. Oilalar va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida sud tomonidan er-xotinlarga yarashish uchun beriladigan muddatni amaldagi olti oydan bir yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda. Tashabbuskorlarning fikricha, hozirgi olti oylik muddat oiladagi nizolarni to‘liq bartaraf etish va tomonlarning o‘zaro kelishuvga kelishi uchun yetarli emas. Amaldagi tartib ko‘p hollarda rasmiy xarakterga ega bo‘lib, oiladagi real vaziyat va nizolarning tub sabablarini hisobga olmaydi.
Loyiha doirasida sud jarayonlarida voyaga yetmagan farzandlarning manfaatlarini himoya qilishga oid yangi normalar ham kiritilishi kutilmoqda. Jumladan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinayotganda sud bolaning kim bilan yashashini hamda alohida yashaydigan ota yoki ona bilan ko‘rishish tartibini aniq belgilab beradi. Shuningdek, bolalar muassasalariga joylashtirilgan farzandlar uchun undiriladigan aliment pullari bevosita bola nomiga ochilgan bank hisobraqamiga o‘tkazilishi va bu mablag‘larning jamg‘arib borilishi vasiylik organlari tomonidan nazorat qilinishi taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, nikohdan o‘tganiga bir yil to‘lmagan oilalarning ajrashish haqidagi arizalarini ko‘rib chiqish tartibi ham o‘zgarishi mumkin. Faqat oilaviy zo‘ravonlik holatlari bundan mustasno bo‘lib, qolgan vaziyatlarda yosh oilalarni saqlab qolishga alohida e’tibor qaratiladi. Davlat organlari o‘rtasidagi xabardor qilish tizimi ham raqamlashtirilib, komissiyalarga xabarnoma yuborish muddati o‘rniga elektron hukumat tizimi orqali ma’lumot almashish mexanizmi joriy etiladi.




