O‘zbekistonda daromadlar va xarajatlarni deklaratsiya qilish tajribasi boshlanmoqda. Navoiy, Chirchiq va soliqchilar birinchilardan bo‘lib o‘z xarajatlari haqida hisobot beradi.
Yangi tajriba-sinov tartibi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori (19.10.2026 yildagi 574-son) bilan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy ro‘yxatda turuvchi fuqarolarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Deklaratsiya 2026–2027 yillarda olingan daromadlar bo‘yicha Soliq qo‘mitasining elektron xizmatlar portali yoki «Soliq» mobil ilovasi orqali yashash joyidagi soliq organiga taqdim etiladi.
Reglament 18 yoshga tolmagan shaxslarga hamda soliq organlariga ishga kirganiga 6 oy bo‘lmagan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Deklaratsiya muddati va kiritiladigan ma’lumotlar
Deklaratsiya hisobot yilidan keyingi yilning 1-apreliga qadar topshirilishi lozim. Soliq organi ushbu muddatdan kamida bir oy oldin fuqaroga xabarnoma yuboradi.
Deklaratsiyada quyidagilar aks ettiriladi:
-
Daromadlar: ish haqi, mulkiy daromadlar, biznesda ishtirok etishdan olingan va boshqa daromadlar (Soliq kodeksining 371, 375, 376 va 377-moddalari);
-
Xarajatlar: ko‘char va ko‘chmas mulk, shuningdek majburiyatlar (soliqlar, kommunal to‘lovlar va kreditlar) bo‘yicha xarajatlar. YTT va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchilarning tadbirkorlikka oid xarajatlari bunga kirmaydi.
Xarajatlar vazirlik va idoralar ma’lumotlari, «Soliq» ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar hamda elektron hisob-fakturalar asosida shakllantiriladi. Ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganda fuqaro ularni mustaqil kiritishi mumkin.
Tuzatish kiritish va jazoning qo‘llanilmasligi
Xatoliklar aniqlanganda aniqlashtirilgan deklaratsiya topshirilishi mumkin. Agar unda ham noto‘g‘ri ma’lumot aks etsa, fuqaroning arizasiga ko‘ra deklaratsiya rad etilib, 3 yil davomida qayta topshirish imkoni beriladi. Boshqa asoslar bilan rad etish taqiqlanadi.
Aniqlashtirilgan soliq bazasi (daromad va xarajat o‘rtasidagi farq) bo‘yicha qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi (Soliq kodeksining 393-moddasi mustasno) va fuqarolarga nisbatan huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.



