Mirobod tumanida kuryerni so‘kkan Brasserie Park restorani xodimi 5 sutkaga qamaldi. Janjal sababchisi bo‘lgan restoran yozgi maydonchasi tekshirilib, noqonuniy to‘siqlar olib tashlandi.
Nima sodir bo‘ldi: janjal tafsilotlari
Voqea 17-oktabr kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani, Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Brasserie Parkrestorani (sobiq «Moviy gumbazlar» xiyoboni) oldida yuz bergan.
17 yoshli M.Y. ismli kuryer skuterda navigator ko‘rsatgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan bo‘lgan. Uning yo‘li restoran o‘zboshimchalik bilan egallab olgan va stol-stullar joylashtirgan piyodalar yo‘lagidan o‘tgan.
Restoranning 36 yoshli haydovchisi va xodimi S.R. kuryerni to‘xtatib, unga nisbatan behayo so‘zlar ishlatgan, so‘kkan va urish bilan tahdid qilgan. Tarqalgan videoda kuryer navigator bo‘yicha kelganini tushuntirishga harakat qilgani, ammo restoran xodimi uni jamoat joyida haqoratlashda davom etgani aks etgan.
Sud hukmi va ma’muriy qamoq
Ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlardan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi bo‘lib o‘tdi.
Sudda S.R. aybiga qisman iqror bo‘lib, soat 15:30 larda skuter haydovchisi mijozlar o‘tirgan hududga kirib kelgani sababli jahl ustida so‘kib yuborganini aytgan va pushaymonligini bildirgan. Sud qarori bilan S.R. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha aybli deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Hokimiyat tekshiruvi: yozgi maydoncha olib tashlandi
Mojarodan so‘ng Toshkent shahar hokimligi «Moviy gumbazlar» xiyobonidagi restoranning yozgi maydonchasi joylashuvini tekshiruvdan o‘tkazdi.
Tekshiruv natijasida hududdan foydalanish va piyodalarning erkin harakatlanishiga oid qoidalar buzilgani tasdiqlandi. Shundan so‘ng piyodalar yo‘lagi restoran stol-stullaridan to‘liq bo‘shatildi.
Restoran ma’muriyati munosabati
Restoran ma’muriyati ushbu yo‘lak piyodalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligi, lekin u yerda moped va mototsikllarda yurmaslik so‘ralishini bildirdi. Shuningdek, xodimlarning qo‘polligiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi. Keyinchalik janjal ishtirokchisi bo‘lgan xodim kuryerdan rasman uzr so‘radi.



