So‘nggi:
Tadbirkor Sanjar Karimovga 5 yil qamoq jazosi so‘raldi | Dommaraju va Sindarov o‘rtasidagi shaxmat toji uchun bahs sanasi e’lon qilindi | Rossiya o‘zbekistonlik haydovchilar uchun mamlakatda bo‘lish muddatini 180 kungacha uzaytirdi | Ko‘p kvartirali uylarda kiyim quritish va kirish yo‘laklarida avtomobil qo‘yish taqiqlandi | Olmaotada Qozog‘istondagi ilk yuqori texnologiyali krematoriy faoliyati yo‘lga qo‘yildi | Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retseptlar tizimini joriy etish tartibini bekor qilmoqchi | O‘zbekiston temir yo‘llari Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi bilan 143 mln dollarlik yangi kelishuvni imzoladi | Eron atrofidagi mojarolar 32 milliondan ortiq kishini qashshoqlikka mahkum etishi mumkin | Endilikda ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va zinapoyalari haftada 1 marta tozalanishi kerak | 2026-yilda O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi talablar joriy etiladi |

Ko‘p kvartirali uylarda kiyim quritish va kirish yo‘laklarida avtomobil qo‘yish taqiqlandi

Ko‘p kvartirali uylarda kiyim quritish va kirish yo‘laklarida avtomobil qo‘yish taqiqlandi

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlashning yangi qoidalari kuchga kirdi. Fasadlarda kiyim quritish va yo‘laklar oldida mashina qo‘yish taqiqlangan bo‘lsa, boshqaruv kompaniyalariga hovlilarni obodonlashtirish bo‘yicha yangi vazifalar yuklandi.

Adliya vazirligi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha tasdiqlangan yangi tartib aholining kundalik odatlariga jiddiy o‘zgarishlar kiritmoqda. Mazkur hujjat binolarning xavfsizlik darajasini oshirish, sanitariya holatini yaxshilash va umumiy mulkdan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan qator cheklovlarni o‘z ichiga oladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda uylarning fasad qismida kiyim-kechak, gilam va boshqa buyumlarni osib quritish, shuningdek, balkonlarda og‘ir yuklar yoki yong‘in xavfini tug‘diruvchi uskunalarni saqlash qat’iyan man etiladi. Uy hayvonlarini saqlash masalasida ham cheklovlar o‘rnatilib, endilikda ularni zinapoyalar, yerto‘la va cherdak kabi umumiy foydalanish joylarida saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xavfsizlik choralari doirasida yo‘laklarda va zina ostidagi bo‘shliqlarda yonuvchan materiallarni hamda evakuatsiyaga xalaqit beruvchi buyumlarni saqlash taqiqlangan. Uyning ichki muhandislik tizimlariga, ayniqsa isitish tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan aralashish va umumiy kommunikatsiyalarga zarar yetkazuvchi qayta rejalashtirish ishlarini olib borish ham qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Uy atrofi hududlarida esa avtomobillarni yo‘laklar, maysazorlar, bolalar va sport maydonchalari hamda kirish yo‘laklari oldida qoldirish man etildi. Shu bilan birga, daraxtlarni ruxsatsiz kesish va yashil maydonlarni chiqindilar bilan to‘ldirish kabi harakatlar ham taqiqlar ro‘yxatidan joy olgan.

Boshqaruv servis kompaniyalari zimmasiga esa uylarning texnik holatini nazorat qilish, lift va domofonlar sozligini ta’minlash hamda yo‘laklarni muntazam tozalash kabi qat’iy majburiyatlar yuklandi. Xususan, yerto‘lalarda suv to‘planib qolishi kabi avariyaviy holatlar 24 soat ichida bartaraf etilishi shart.

Yangi tartibga ko‘ra, boshqaruv organlari uy atrofida aholi uchun qulay muhit yaratishi, ya’ni o‘rindiqlar o‘rnatishi, chiqindilarni saralab yig‘ish uchun konteynerlar qo‘yishi va hududni yoritishi lozim. Shuningdek, zamonaviy hovlilarda bolalar o‘yin maydonchalari, dam olish zonalari, sport maydonlari hamda aravacha va velosipedlar saqlash uchun maxsus joylar tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan.