Saudiya Arabistonida Facebook’dagi izohi uchun 24 yoshli Shri-Lanka fuqarosi shariat qonunlari bo‘yicha o‘limga hukm qilindi. Mahkumning oilasi va diplomatlar afv so‘ramoqda.
Ijtimoiy tarmoqdagi izoh va hibsga olinish
Saudiya Arabistonida 24 yoshli Shri-Lanka fuqarosi Anojan Sivara Facebook tarmog‘idagi izohi sababli Islom dini va Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarni haqoratlashda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilindi. Voqea iyun oyining oxirida Shri-Lankadagi diniy nizo tasvirlangan video atrofidagi onlayn bahslar ortidan kelib chiqqan. Tarmoq foydalanuvchilaridan biri hinduiylik xudosi haqida kamsituvchi fikr bildirganiga javoban Anojan haqoratomuz izoh qoldirgan.
Keyinchalik u ushbu izohni o‘chirib, kechirim so‘ralgan videoni joylashtirgan bo‘lsa-da, izoh skrinshotlari uning Saudiya Arabistonidagi ish beruvchisiga yuborilgan. Kompaniya rahbariyati huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgach, iyul oyida Anojan hibsga olingan va uning barcha shaxsiy qurilmalari musodara qilingan.
Jazoning og‘irlashtirilishi va diplomatik harakatlar
Dastlab Al-Ahsa jinoyat sudi muhojirni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 3 million Saudiya riyali (taxminan 800 ming AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortgan edi. Biroq 17-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni prokuraturasi kiberjinoyat qonunchiligi o‘rniga shariat qonunlarini qo‘llashni talab qilib apellyatsiya kiritgan. Apellyatsiya sudi ushbu talabni qanoatlantirib, jazoni o‘lim hukmiga o‘zgartirgan.
Ushbu holat Shri-Lankada katta rezonans keltirib chiqardi. Mahkumning onasi o‘g‘lini afv etishni so‘rab murojaat qilgan, mamlakat TIV va huquqshunoslar delegatsiyasi hukmni yumshatish uchun diplomatik harakatlarni davom ettirmoqda.




