my.gov.uz portalida yangi qurilayotgan va bitgan uylarni tekshirish xizmati ishga tushdi. Xaridorlar qurilish hujjatlarini oldindan yuklab olib, uyning topshirilish muddatini ko‘ra oladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qurilayotgan va bitkazilgan uylarni oldindan tekshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu xizmat yangi qurilayotgan uylardan kvartira olmoqchi bo‘lganlarga pul to‘lashdan oldin quruvchining hujjatlari joyidaligini tekshirib olishga yordam beradi.
Uy haqida nimalarni bilish mumkin
Bazaga 30 dan ortiq turdagi obyektlar — ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uylardan tortib madaniyat, san’at hamda turizm binolarigacha kiritilgan. Portalda quyidagi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin:
-
uyning nomi, aniq manzili va toifasi;
-
foydalanishga topshirishning aniq muddati;
-
qavatlar va kvartiralar soni;
-
umumiy maydon va loyiha qiymati;
-
buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar.
Qaysi hujjatlarni yuklab olsa bo‘ladi
Portalning o‘zidan qurilishga oid asosiy hujjatlarni yuklab olish mumkin:
-
arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi;
-
davlat ekspertizasi xulosasi;
-
qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma.
Bu xaridorlarga qanday foyda beradi
Yangi xizmat ulush kiritish asosida qurilayotgan uylardan xonadon sotib olayotgan fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan.Endi xaridorlar quruvchi va’da qilayotgan muddatlar rasmiy hujjatlarga mos kelishini va barcha ruxsatnomalar borligini mustaqil tekshirib chiqishi mumkin.



Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q