23–29-noyabr kunlari O‘zbekistonda keskin ob-havo o‘zgaradi: hafta boshida +29 darajagacha iliq bo‘ladi,dam olish kunlari esa shimolda kechasi -3 darajagacha sovib, yirik shaharlarda PM2,5 zarralari ko‘payishi mumkin.
23–29-noyabr haftasi O‘zbekistonda keskin harorat o‘zgarishlari bilan o‘tadi: kech kuz uchun g‘ayrioddiy +29 darajagacha issiq bilan boshlangan hafta seshanbadan soviy boshlaydi va dam olish kunlariga borib ayrim hududlarda tungi ayozlar kuzatiladi. Shuningdek, hafta oxirida yirik shaharlarda PM2,5 mayda zarrachalari to‘planishi ehtimoli bor.
Hafta boshida +29 darajagacha ko‘tariladigan issiq
23-noyabr kuni mamlakatning katta qismiga Turkmaniston tomondan iliq havo oqimlari ta’sir ko‘rsatadi, Qozog‘iston g‘arbidagi siklon esa ayrim hududlarga yog‘ingarchilik olib keladi. 23-noyabrda eng yuqori harorat:
-
janubiy viloyatlarda — +29 darajagacha;
-
Buxoro, Navoiy, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida — +27 darajagacha;
-
Farg‘ona vodiysi va tog‘li hududlarda — +18 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.
Xorijiy meteorologik xizmatlar baholashicha, 23–27-noyabr kunlari respublikaning katta qismida o‘rtacha harorat me’yordan qariyb 8 daraja yuqori bo‘lishi mumkin. O‘zgidromet va Yevropa markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra,o‘rtacha harorat ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 3–6 daraja, tog‘larda esa 6–10 daraja yuqori bo‘ladi.
24-noyabrdan boshlanadigan sovish va tungi ayozlar
Harorat pasayishi 24-noyabr kuni shimoliy hududlardan boshlanadi, 25–28-noyabr kunlari esa boshqa viloyatlarga yoyiladi. Hafta oxiriga borib kunduzi:
-
shimolda — +5…+10 daraja;
-
markaziy hududlar va Farg‘ona vodiysida — +8…+13 daraja;
-
janubda — +12…+17 daraja iliq bo‘ladi.
Hafta boshida kechalari +2…+15 daraja atrofida bo‘lsa, dam olish kunlariga yaqin shimolda harorat -3 darajagacha,tog‘li hududlarda esa -5 darajagacha tushishi mumkin. Shunga qaramay, umuman olganda hafta noyabr oxiri uchun odatdagidan iliqroq saqlanadi.
18 m/s shamol, yog‘ingarchilik va PM2,5 o‘sishi
Hafta boshida ayrim hududlarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zon va ko‘rinuvchanlikning vaqtincha yomonlashuviga olib kelishi mumkin; keyinchalik shamol pasayadi. Ko‘pchilik viloyatlarda sezilarli yog‘ingarchilik kutilmaydi — boshida shimol, Qizilqum, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida biroz yomg‘ir, tog‘larda esa ayrim kunlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin.
Ilmiy-tadqiqot gidrometeorologiya instituti ma’lumotiga ko‘ra, 27–29-noyabr kunlari yirik shaharlarda, jumladan,Toshkentda antitsiklon fonida harorat inversiyasi kuchayishi va isitish mavsumi sabab PM2,5 zarrachalari to‘planishi mumkin. Mutaxassislar sanitariya xizmatlari tavsiyalariga amal qilishni, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklarga chalinganlarga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etadi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q