Toshkent metrosida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati oralig‘i qisqartiriladi. Yangi o‘quv yili boshlanishi va OTMlarda darslar 08:00 ga ko‘chirilishi munosabati bilan Toshkent metrosida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar oraliq vaqti qisqartiriladi. Chilonzor yo‘nalishida oraliq 1,5–2 daqiqani tashkil etadi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha harakat jadvali
Yangi o‘quv yili boshlanishi hamda poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalarida darslar soat 08:00 ga ko‘chirilishi munosabati bilan Toshkent metropoliteni tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati oralig‘ini qisqartiradi.
Eng ko‘p yo‘lovchi oqimi kuzatiladigan vaqtlarda poyezdlar quyidagi jadval bo‘yicha harakatlanadi:
-
Chilonzor yo‘nalishi: harakat oralig‘i 1,5–2 daqiqani tashkil etadi;
-
O‘zbekiston yo‘nalishi: poyezdlar har 3 daqiqada harakatlanadi;
-
Yunusobod yo‘nalishi: harakat oralig‘i 4 daqiqani tashkil etadi;
-
Yerusti halqa yo‘nalishi: poyezdlar har 7–8 daqiqada qatnaydi.
Vagonlar parkini yangilash va yo‘lovchilar oqimini tartibga solish
Harakat tarkibini yangilash va kengaytirish maqsadida 2026-yil davomida 14 ta zamonaviy poyezd olib kelinishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ularning 11 tasi yetkazib berilib, yo‘nalishlarga chiqarilgan, yana 3 ta poyezd esa yaqin kunlarda poytaxtga yetib keladi.
Xavfsizlikni ta’minlash va tartibni saqlash maqsadida metropolitenning barcha 50 ta bekatida xodimlarning navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi. Metro rahbarlari va mas’ul mutaxassislaridan iborat maxsus guruhlar tig‘iz vaqtlarda bekatlarda navbatchilik qiladi, yo‘lovchilarga ko‘maklashadi hamda yo‘lovchilar oqimini tartibga solib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi OTMlarda 2026/2027-o‘quv yili boshlanishi ikki bosqichga bo‘lingan: 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentabrdan boshlanadi.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q