10-sentabr kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi bo‘lib o‘tadi. Davlat xizmatchilari uchun avtotransportdan foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Poytaxtda hamda respublikaning barcha hududlarida 10-sentabr, payshanba kuni «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan shaxsiy yoki xizmat avtotransport vositalaridan foydalanilishi belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tegishli talablarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Ekologiya qo‘mitasi barcha davlat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolarni atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qo‘shishga chaqirdi. Aholi uchun atmosfera havosini bulg‘amaydigan «yashil» transport turlari, jumladan velosiped, samokat, elektromobil hamda jamoat transportidan unumli foydalanish tavsiya etiladi.



