Toshkentda tez tibbiy yordam avtomobiliga yo‘l bermagan BYD haydovchisi aniqlanib, ma’muriy javobgarlikka tortildi. Uning avtomobili jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida BYD rusumli avtomobil haydovchisi maxsus sirenani yoqib kelayotgan tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l bermagani aks etgan video tarqaldi. Kadrlardan ko‘rinishicha, tez yordam haydovchisi karnay orqali avtomobil davlat raqamini bir necha bor takrorlab, yo‘l bo‘shatishni so‘ragan. Shunga qaramay, yengil mashina haydovchisi harakatni davom ettirgan va natijada tez yordam haydovchisi quvib o‘tish manevrini o‘zi bajarishga majbur bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar natijasida qoidabuzar haydovchining shaxsi aniqlandi va u bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Uchrashuv davomida haydovchi o‘z harakatini qasddan qilmaganini, ortidan kelayotgan maxsus transport vositasini sezmay qolganini bildirdi.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda avtomobil oynalari yopiq bo‘lgan, konditsioner va baland ovozda musiqa ishlab turgani sababli maxsus signal hamda chaqiriqlarni eshitmagan. U maxsus xizmat xodimlariga nisbatan hech qanday salbiy munosabati yo‘qligini va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidladi.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi hamda unga tegishli BYD avtomobili vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.




