Hokimlik «Yangiobod» bozorida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilishini ma’lum qildi. Bozor formati, o‘ziga xos muhiti hamda sotuvchilarning o‘rinlari to‘liq saqlab qolinadi.
Bozor infratuzilmasi ta’mirlanadi va yangilanadi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangiobod ixtisoslashtirilgan bozori» MChJ ochiq savdolarga qo‘yilishi ortidan bozor formati yo‘qolishi haqida xavotirlar paydo bo‘ldi. Toshkent shahar hokimligi ushbu xabarlarga munosabat bildirib, asosiy maqsad bozorni yopish emas, balki uni ta’mirlash va tartibga keltirish ekanini ta’kidladi.
Hokimlik vaqt o‘tishi bilan eskirgan jamoat infratuzilmasini ta’mirlash rejasini tushuntirdi. «Yangiobod» — o‘ziga xos burga bozori («fleamarket») bo‘lib, shahar ma’muriyati uni boshqa formatga o‘zgartirishni rejalashtirmagani, aksincha, mavjud hududni ta’mirlab, zamonaviy va qulay holatga keltirishni maqsad qilganini bildirdi.
Ta’mirlash doirasida nimalar qilinadi?
Poytaxt ma’muriyati bozorda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib boradi. Xususan:
-
Hudud to‘liq obodonlashtirilib, yo‘laklar va o‘tish joylari ta’mirlanadi;
-
Sanitariya sharoitlari yaxshilanadi va zaruriy kommunikatsiyalar yangilanadi;
-
Xavfsizlik tizimlari o‘rnatilib, yangi va qulay avtoturargoh barpo etiladi.
Amaldagi sotuvchilarning barchasi o‘z savdo o‘rinlarini saqlab qoladi. Ta’mirlash ishlaridan so‘ng ham bozorning ixtisoslashuvi va u yerdagi tanish muhit o‘zgarishsiz qoladi.
Ta’mirlash loyihasi muhokama qilinadi
Hozirda loyihachilar bilan birgalikda bozorni ta’mirlash va yangilash konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Hokimlik ta’mirlash rejalari bozorga keluvchi va u yerda ishlaydigan insonlarning manfaatlari asosida amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Shu sababli, ta’mirlash loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Fuqarolar taklif etilayotgan ta’mirlash rejalari bilan tanishib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin bo‘ladi.



