Yashnobod tumanida 1989-yilda tug‘ilgan ayol bir yoshli o‘g‘liga muntazam ravishda jismoniy tazyiq o‘tkazib kelgani aniqlandi. Holat yuzasidan «Qiynash» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bolaga himoya orderi berildi.
Bolalar ombudsmani devoniga Yashnobod tumanida yashovchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Mahalladoshlarning ma’lum qilishicha, ularning qo‘shnisi — 1989-yilda tug‘ilgan A.T. o‘zining 2023-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan o‘g‘li A.I.ga nisbatan muntazam ravishda jismoniy kuch ishlatib, qiynab kelgan. Shuningdek, ayol go‘dakni doimiy ravishda qarovsiz qoldirgan va unga tinchlantiruvchi hamda uxlatuvchi dorilarni berib kelgan.
Ombudsman so‘rovi asosida ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari hamkorligida zudlik bilan surishtiruv ishlari o‘tkazildi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda jabrlangan bolaga rasman himoya orderi rasmiylashtirildi. Hozirda go‘dakka zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, shifokorlar uning ahvolini barqaror deb baholamoqda.
Vasiylik va homiylik organi tomonidan bolaga vaqtinchalik homiylik belgilandi. Ayni paytda ayolni o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda. Bolalar ombudsmani go‘dak uchun xavfsiz va sog‘lom muhitni ta’minlash maqsadida vaziyatni o‘z nazoratiga olgan.




