Toshkentda basseyn bo‘yida ust-boshi bilan suvga sakrab, veyp va boshqa buyumlarni suvga uloqtirib video olgan bloger Jafar va uning sheriklari mayda bezorilikda aybdor deb topildi. Ularning har biriga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda basseyn bo‘yida bir guruh yoshlar ishtirokida tasvirga olingan videorolik tarqalib, jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Videoda yoshlar basseyn bo‘yida ust-boshi bilan suvga sakragani, elektron sigaretalarni (veyp) suvga uloqtirib, shovqin solgani va tartibsiz harakatlar qilgani aks etgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilib, tumshuklar ushlandi.
IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, videorolik ishtirokchilari, jumladan, Jafar taxallusi bilan tanilgan bloger va uning sheriklari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Huquqbuzarlar o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirishgan hamda jamoatchilikdan uzr so‘rashgan. Bloger o‘z ko‘rsatmasida «ming bor uzr so‘rab», sahifasi mazmuniga mos kelmaydigan bunday behayo va salbiy kontentlarni boshqa hech qachon e’lon qilmasligini ta’kidlagan.
Sud qoidabuzarlarni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, videorolikning har bir ishtirokchisiga 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.




