2026-yil 1-avgustdan boshlab mamlakatda transport vositalarini jarima maydonchalaridan chiqarish tartibi mutlaqo raqamlashtiriladi. Vazirlar Mahkamasi hisobotlarni yashirgan tadbirkorlarga nisbatan jiddiy jarimalar joriy etdi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-avgustdan boshlab mamlakatda ushlangan transport vositalarini qaytarish tartibi mutlaqo raqamli tizimga o‘tkaziladi. Ushbu sanadan e’tiboran, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi vakolatli organlar (YHXH) hamda majburiy ijro organlari avtomashinalarni chiqarish haqidagi ruxsatnomani faqatgina “Jarima maydonchasi” axborot tizimida shakllantiradi va uni maxsus QR-kod bilan tasdiqlagan holda elektron shaklda yuboradi. Har qanday qog‘oz ko‘rinishidagi ruxsatnomalar o‘z kuchini yo‘qotadi.
Mazkur mexanizmni amaliyotga tatbiq etish uchun Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligiga ikki oy muddat berildi. Vazirliklar “Jarima maydonchasi” axborot tizimini soliq organlarining tizimlari bilan “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali to‘liq bog‘lashlari shart.
Ushbu integratsiya tufayli soliq organlarining bazasida jarima maydonchasi xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning rekvizitlari (nomi, STIR, manzili), shuningdek, joylashtirilgan har bir transport vositasining markasi, davlat raqami, maydonga kirgan va chiqqan aniq vaqti hamda undirilgan to‘lovlar miqdori avtomatik ravishda shakllanadi va saqlanadi. Bu xizmat ko‘rsatuvchilarning real daromadlarini yashirish imkoniyatini butunlay cheklaydi.
Hukumat qarori bilan shaffoflik talablariga rioya etmagan tadbirkorlar uchun qat’iy iqtisodiy sanksiyalar belgilandi. Agar jarima maydonchasi egalari transport vositalarining hisobini tizim orqali yuritmasa, to‘lovlarni yashirsa yoki avtomashinani ushlab turish sabablari to‘liq bartaraf etilmasdan (jarimalar to‘lanmasdan yoki texnik nosozliklar tuzatilmasdan) chiqarib yuborsa, ularga nisbatan BHMning 20 baravari miqdorida jarima (neustoyka) qo‘llaniladi.
Agar ushbu qoidabuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkor bilan tuzilgan shartnoma bir tomonlama tartibda bekor qilinadi. Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bankka uch oy muddatda barcha bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtoturargohlarda UzQR tizimi orqali yagona QR-kodli to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi. Mamlakat bozorlarini raqamlashtirish doirasida “E-bozor” yagona platformasi 2026-yil 1-oktyabrgacha sinov tariqasida, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq ishga tushirilishi belgilangan.



