Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bolalarni davlat bog‘chalariga imtiyozli navbatga qo‘yish tizimi soddalashtirildi. Endi vazirliklar bazasi orqali hujjatlar avtomatik tekshiriladi.
Ariza topshirish chog‘ida shunchaki tegishli imtiyoz toifasini tanlash kifoya — elektron tizim barcha kerakli ma’lumotlarni vazirlik va idoralarning raqamli ma’lumotlar bazasi orqali mustaqil ravishda va bir necha soniyada tekshirib oladi.
Yangi tartibga ko‘ra, my.gov.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali harbiy xizmatchilar, ichki airsalar va bojxona xodimlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari imtiyozli navbatga turishlari mumkin.
Shuningdek, ro‘yxatdan chin yetimlar, “Ayollar daftari”dagi yolg‘iz ayollarning farzandlari, aka-uka yoki opasingillari ayni o‘sha bog‘chaga borayotgan bolalar, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari joy olgan.
To‘rt va undan ko‘p farzandi bor oilalar, talabalar hamda barcha turdagi ta’lim muassasalari (maktab, OTM, litsey, kollej) pedagoglarining farzandlariga ham ushbu yengillik taqdim etiladi. Xizmatdan foydalanish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tib, tegishli bo‘limni tanlash, bog‘chani ko‘rsatish va imtiyoz turini belgilab arizani yuborish lozim.





