Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanidagi “Ittifoq” mahallasida joylashgan Yangi Sergeli ko‘chasini ko‘zdan kechirdi. 18,7 mlrd so‘mlik loyiha doirasida bu yerda tunu kun ishlaydigan savdo va dam olish maskani barpo etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanidagi “Ittifoq” mahallasiga tashrifi davomida Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan yirik infratuzilma loyihasi va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ko‘chaning 2,1 kilometrlik qismi 18,7 mlrd so‘m mablag‘ evaziga to‘liq modernizatsiya qilinib, tunu kun (24/7 rejimida) faoliyat ko‘rsatadigan savdo, umumiy ovqatlanish hamda ko‘ngilochar maskanga aylantirildi. Hududda 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zona, kitob do‘koni va keksalar hordiq chiqarishi uchun maxsus markaz tashkil etildi.
Ushbu loyiha tuman aholisi va infratuzilmasi uchun juda muhim ahamiyatga ega. Mazkur hududga tutash to‘rtta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, Yangi Sergeli ko‘chasidan esa kuniga o‘rtacha 15–20 ming avtotransport vositasi o‘tadi. Yangi maskan to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq ziyoratchi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rinlari ochildi, 95 ta tadbirkorlik subyekti o‘z faoliyatini kengaytirdi, yana 22 tasi esa o‘zining yangi biznesini yo‘lga qo‘ydi.
Davlat rahbari mahalla bo‘ylab piyoda yurib, milliy me’morchilik uslubida ta’mirlangan xonadonlarni, obodonlashtirilgan ko‘chalarni ko‘zdan kechirdi hamda mahalla aholisi va faollari bilan dildan suhbatlashdi. Prezident ushbu yangilanishlar odamlarning turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari amalga oshirilgan o‘zgarishlar hudud qiyofasini butunlay o‘zgartirgani, aholining kayfiyatiga, kundalik hayotiga va daromadlariga juda ijobiy ta’sir ko‘rsatganini alohida e’tirof etishdi.


