Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida “Beter Best” kompaniyasiga qarashli qurilish maydonida kotlovan o‘pirilib ketdi. Kanalizatsiya tarmog‘idagi nosozlik sababli tuproq o‘pirilib, ekskavator chuqurlikka quladi va bino poydevoriga zarar yetdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ulkan kotlovan (poydevor chuqurligi) atrofidagi tuproq qatlamining keskin o‘pirilib tushgani aks etgan. Hodisa oqibatida hududdagi yirik ekskavator texnikasi o‘pirilish zonasiga tushib ketgan, eng xavflisi — yer cho‘kishi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birining poydevoriga juda yaqin masofagacha yetib borgan.
Toshkent shahar hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, qurilish hududidan o‘tgan yirik oqova suv (kanalizatsiya) magistral tarmog‘ida texnik nosozlik yuzaga kelgan. Quvurning shikastlanishi natijasida sizib chiqqan suv atrofga yoyilib, kotlovan ostidagi tuproqni yuvib ketgan va bu tuproqning massiv bo‘lib qulashiga sabab bo‘lgan.
Rasmiylarning bildirishicha, hodisa oqibatida qurilish ishchilari yoki yaqin atrofdagi fuqarolardan hech kim jarohat olmagan. Hozirda vaziyat soha mutaxassislari va profil xizmatlar nazoratiga olingan bo‘lib, avariya oqibatlarini bartaraf etish hamda quvurlarni qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Maxsus komissiya binoning xavfsizlik darajasini tekshirmoqda.



