O‘sh viloyatidagi “Do‘stlik” chegara punktida O‘zbekistonning kolbasa mahsulotlari to‘xtatildi. Yukda yorliqlar yo‘qligi va YEOII talablari buzilgani aniqlandi.
Qirg‘iziston rasmiylari O‘zbekistondan olib kirilgan yirik hajmdagi go‘sht mahsulotlarining mamlakat hududiga kirishini taqiqladi. Mazkur holat qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasidagi O‘sh viloyatida joylashgan “Do‘stlik” chegara vetnazorat punktida qayd etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, nazorat punktida 650 kilogramm og‘irlikdagi kolbasa mahsulotlari ortga qaytarilgan.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati bergan bayonotga ko‘ra, tekshiruv davomida mahsulotlarning hech qanday yorliqsiz (markirovka) olib kelinayotgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, ushbu yuk Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining (YEOII) qat’iy belgilangan veterinariya-sanitariya talablariga mutlaqo javob bermasligi aniqlangan. Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan inspektorlar tomonidan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilgan va yuk “Do‘stlik” punkti orqali O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan.

