So‘nggi:
AQSH hukumati taqiqlangan hududlarda 400 dan ortiq dronni musodara qildiDunyoShavkat Mirziyoyev Jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilarni tanqid qilmaslikka chaqirdiJamiyatPrezident Olimpiya shaharchasida million dollarlik startaplar va antidron loyihalari bilan tanishdiSiyosatO‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga jami 4,6 mln dollar atrofida mablag‘ sarflandiJamiyatBuvayda tumanida 9,5 ming dollar pora olgan ekologiya inspektori qo‘lga olindiJamiyatO‘zbekiston aholisi 39 million nafardan oshdi — aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariJamiyatToshkent xalqaro aeroportida AiRO bojxonachi roboti ishga tushirildiJamiyatYevropada o‘ta anomal jazirama oqibatida 1300 dan ortiq kishi halok bo‘ldiDunyoVladimir Putin Ukrainaning zarbalari ortidan Rossiyada yonilg‘i tanqisligi yuzaga kelganini tan oldiDunyoToshkent ko‘chalarida piyodalar xavfsizligini ta’minlovchi AQSHning texnologiyasi sinovdan o‘tkazilmoqdaJamiyat

O‘zbekiston aholisi 39 million nafardan oshdi — aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari

O‘zbekiston aholisi 39 million nafardan oshdi — aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari

O‘zbekiston aholisi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 15-yanvar holatiga ko‘ra mamlakatda doimiy yashovchi aholi soni 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil etdi.

Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi raisi Bexzod Xamrayev rasmiy bayonot berdi. Ushbu ko‘rsatkich joriy demografik hisob-kitoblarga (38,24 million) nisbatan 810,6 ming kishiga yoki 2,1 foizga ko‘pdir. Ta’kidlash joizki, mamlakat aholisi so‘nggi bor o‘tkazilgan 1989-yilgi umumittifoq ro‘yxatga olish natijalariga qaraganda roppa-rosa ikki barobarga ko‘paygan.

Qo‘mita rahbari respublikaning joriy gender, etnik va hududiy demografik manzarasi tafsilotlarini ochiqladi. Erkaklar soni 19,77 million nafarni (50,6 foiz), ayollar esa 19,28 million nafarni (49,4 foiz) tashkil etmoqda. Etnik tarkibda o‘zbeklar yetakchilik qilmoqda — 34,9 million kishi (89,4 foiz). Keyingi o‘rinlarni tojiklar (1,28 million), qoraqalpoqlar (841,4 ming), qozoqlar (707,33 ming) va ruslar (606,53 ming) egallagan. Qirg‘izlar soni 219,1 ming, turkmanlar esa 194,76 ming nafarni tashkil qildi. Qiziqarli jihati, o‘zbek tilini ona tili deb ko‘rsatganlar soni 35,7 million kishiga (91,3 foiz) yetdi, bu etnik o‘zbeklar ulushidan ko‘proqdir. Shahar aholisi 21,3 million kishini (54,5 foiz), qishloq aholisi esa 17,8 million kishini (45,5 foiz) tashkil etmoqda.

Aholining yosh tuzilmasi bo‘yicha ham muhim iqtisodiy ma’lumotlar taqdim etildi. Mehnatga layoqatli yoshgacha bo‘lganlar soni 12,5 million nafarni, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi esa 21,7 million nafarni tashkil etdi, bu avvalgi statistik taxminlardan 400 ming kishiga ko‘pdir. Shu bilan birga o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi ro‘yxatovi ham qiziqarli faktlarni ko‘rsatdi. Bir yillik ekin maydonlari amaldagidan 23 foizga, bog‘ va tokzorlar 18,8 foizga, baliqchilik hovuzlari esa 15 foizga ko‘proq ekani aniqlandi. Chorvachilikda esa aksincha, yirik shoxli qoramollar soni hisobotdagidan 14,9 foizga, qo‘y va echkilar 6,2 foizga, otlar 11,2 foizga kam chiqdi, faqat parrandalar soni taxmin qilinganidan 12,7 foizga ko‘p bo‘lib chiqdi.

Yirik ijtimoiy tadbir xalqaro me’yorlarga to‘liq mos keladigan yuqori samaradorlik bilan tashkil etildi. Ro‘yxatga olish jarayonlari bilan jami aholining 97,3 foizi qamrab olindi, qolgan 2,7 foiz fuqarolar turli sabablarga ko‘ra jaryonda qatnashmadi, bu xalqaro amaliyotda mutloq normal ko‘rsatkich hisoblanadi. Davlat byudjeti xarajatlari nuqtai nazaridan ham yuqori tejamkorlikka erishildi: dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikada bir kishini ro‘yxatga olish xarajati atigi 0,12 AQSH dollarini tashkil etgan. Taqdim etilgan ushbu raqamlar aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari bo‘lib, yakuniy aniqlashtirilgan ma’lumotlar tekshiruvlardan so‘ng e’lon qilinadi.