So‘nggi:
Toshkentda kuchli zilzila sezildiJamiyatAbduqodir Husanov JCH-2026 ning eng boy futbolchilari reytingiga kiritildiSportO‘zbekistonda bolalar avtokreslolari majburiy qilinadi va jarimalar joriy etiladiJamiyatO‘zbekistonda noqonuniy kosmetika preparatlarini qo‘llaganlarda botulizm kasalligi aniqlandiJamiyatToshkentda notanish tunda uylarning eshik tutqichlarini tortib, kirishga urinib yurgani aniqlandiJamiyatO‘zbekistonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi mumkinJamiyatKola, chips va tamaki sotuvidan tushgan mablag‘ saratonni davolashga yo‘naltiriladiSiyosatShavkat Mirziyoyev jurnalistlarni tabrikladiJamiyatBoysundagi gaz konida yuz bergan avariya 2027-yilning birinchi yarmida to‘liq bartaraf etiladiJamiyatToshkentning Yunusobod tumanida besh yoshli qizcha hojatxona chuqurligiga tushib ketdiJamiyat

O‘zbekistonda noqonuniy kosmetika preparatlarini qo‘llaganlarda botulizm kasalligi aniqlandi

O‘zbekistonda noqonuniy kosmetika preparatlarini qo‘llaganlarda botulizm kasalligi aniqlandi

O‘zbekistonda tarkibida botulinotoksin saqlovchi noqonuniy kosmetologik vositalardan foydalanish natijasida bemorlarda hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan botulizm kasalligi alomatlari yuzaga keldi.

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga murojaat qilgan qator fuqarolarda og‘ir nojo‘ya reaksiyalar va zaharlanish belgilari kuzatilgan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining rasmiy bayonotiga ko‘ra, asoratlar aniqlangan shaxslar kosmetologik muolajalar davomida Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy hamda Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex nomli preparatlarni qabul qilishgan. Ushbu vositalar O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, ya’ni ularning inson salomatligi uchun xavfsizligi, tarkibi va samaradorligi laboratoriya sinovlaridan o‘tmagan hamda mamlakatga yashirin yo‘llar bilan olib kirilgan.

Botulizm — bu Clostridium botulinum bakteriyasi zaharidan (botulinotoksin) kelib chiqadigan, asab tizimi va mushaklarni falaj qiluvchi og‘ir kasallikdir. Rasmiy va sertifikatlangan brendlarda ushbu zahar juda yuqori darajada tozalanib, mikroskopik dozalarda ishlatiladi. Kontrafakt (poddelka) yoki hujjatsiz mahsulotlarda esa zahar miqdori me’yordan o‘ta yuqori bo‘lishi yoki uning tozalanish darajasi talabga javob bermasligi mumkin. Buning oqibatida zahar nafaqat ajinlarni tekislaydi, balki butun tanani falajlashni boshlaydi.

Mutaxassislar ushbu vositalarni qo‘llagan shaxslarda quyidagi xavfli nevrologik alomatlar paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga yoki tez yordamga murojaat qilishni buyuradi:

  • Ko‘z xiralashishi, narsalarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi;

  • Qovoqlarning o‘z-o‘zidan pastga tushib qolishi (ptoz) va ko‘zni ocholmaslik;

  • Yutinishning qiyinlashishi, tomoqda narsa turgandek tuyulishi va nafas qisishi;

  • Nutqning buzilishi, so‘zlarni g‘o‘ldirab yoki burun bilan gapirish;

  • Tandagi barcha mushaklarning keskin kuchsizlanishi.

Hozirgi vaqtda huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu sifatsiz dorilarning kelib chiqishi, qaysi yashirin omborlar orqali tarqatilgani va ularning noqonuniy muomalasi yuzasidan keng qamrovli surishtiruv hamda reyd tadbirlari olib borilmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali «arzon go‘zallik» xizmatlarini taklif etuvchi ruxsatnomasi yo‘q shaxsiy kosmetologlar faoliyati ham tekshirilmoqda.

Markaz aholini internet guruhlari, Telegram-kanallar yoki shubhali shaxslardan tibbiy vositalarni sotib olmaslikka va ularni qo‘llashni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi.