Prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarni kasb bayrami bilan qutlab, ularni o‘z maslakdoshlari deb atadi hamda huquqiy himoyani kuchaytirishga va’da berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami munosabati bilan tabrikladi. Davlatimiz rahbari Vatanini sevadigan va yuqori professionallikka ega bo‘lgan jurnalistlarni o‘zining maslakdoshlari deb hisoblashini ta’kidladi hamda soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Prezident o‘z tabrigida bugungi kunda O‘zbekiston media makonida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar statistikasiga to‘xtalib o‘tdi. Hozirda respublikada 2700 ga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 67 foizini xususiy sektor tashkil etadi. Shuningdek, nashriyotlarning 90 foizdan ortig‘i hamda matbaa korxonalarining 83 foizi aynan xususiy tarmoqqa tegishlidir.
Tabrikda media makonni rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlari va deepfeyklarga (soxta kontentlarga) qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari aholining media savodxonligini oshirish maqsadida maxsus ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgani va u hozirgacha 10 ming nafar yoshlarni qamrab olganini qayd etdi.
Shu bilan birga, prezident kelgusida OAV xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilishini bildirdi. Mazkur choralar doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
-
Jurnalistlarning huquqlari himoyasi yanada kuchaytiriladi;
-
Ularning malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi;
-
Mehnat sharoitlari yaxshilanib, ijtimoiy himoya va tibbiy ta’minot darajasi oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev soha xodimlariga sog‘liq, omonlik va ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, axborot makonida milliy manfaatlarni himoya qilish hamda islohotlarni keng yoritishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh jurnalist, bloger, muharrir, tasvirchi, bosma va elektron OAV xodimlarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.



