AQShning Amazon Leo kompaniyasi va UZ-SAT qo‘shma korxonasi TMIF-2026 doirasida kelishuv imzoladi. Olis hududlar aholisi internetga Nano, Pro va Ultra terminallari orqali ulanishi mumkin bo‘ladi.
Hujjat poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolandi. Mazkur loyiha mamlakatdagi internet qamrovi muammosini hal etishga qaratilgan: sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i nafaqat yirik shaharlarda, balki aloqa infratuzilmasi yetib bormagan eng chekka va tog‘li qishloqlarda ham yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkonini beradi.
Tarmoqqa ulanish istagida bo‘lgan iste’molchilarga uch turdagi ixcham terminallar taklif etiladi: Amazon Leo Nano, Amazon Leo Pro va Amazon Leo Ultra. Tizimning o‘zi koinotdagi 3000 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshlar guruhi bazasida ishlaydi.
Ushbu sun’iy yo‘ldoshlar o‘zaro yuqori tezlikdagi optik aloqa kanallari orqali bog‘langan hamda yer ustidagi global stansiyalar va optik tolali tarmoqlar bilan integratsiya qilingan.





