Turkiyaning Hatay viloyatida zilziladan so‘ng O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan turar-joy majmuasi negizida “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Numan Kurtulmush ushbu loyiha ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va turk xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan samimiy minnatdorlik ramzi ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Arsuzda O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va davlat rahbarining nomining abadiylashtirilishi og‘ir kunlarda Turkiya bilan birga bo‘lgan o‘zbek xalqiga bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir.
Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli esa 2023-yil 6-fevraldagi vayronkor zilziladan so‘ng O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan amaliy va insonparvarlik yordami turk xalqining xotirasida abadiy muhrlanib qolishini bildirib, yangi mahallani qardoshlik va birdamlikning yorqin timsoli deb atadi. Tadbir yakunida ishtirokchilar ramziy tasmani kesib, bulvar va ko‘chalarni rasman ochib berishdi. Mazkur majmua O‘zbekistonning zilziladan zarar ko‘rgan hududni tiklashga qo‘shgan hissasi hamda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning navbatdagi namunasi bo‘ldi.


