Sport vazirligi «O‘nta ming qadam» aksiyasini o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash bo‘yicha qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi. G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.
Platforma ishga tushirilishi va ishtirok etish shartlari
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan «Экоактивный гражданин» («Ekofaol fuqaro») platformasi orqali fuqarolarni har kuni 10 ming qadam yurgani uchun rag‘batlantirishga oid qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatga ko‘ra, mobil ilova (iOS va Android) hamda veb-portaldan iborat yangi raqamli tizim yaratiladi.Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, piyoda yurishni ommalashtirish hamda yashil hududlardan samarali foydalanishni ta’minlashdan iborat.
Asosiy qoidalar:
-
Aksiyada 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ko‘ngillilik asosida qatnashishi mumkin;
-
Ro‘yxatdan o‘tish va identifikatsiya yagona id.egov.uz tizimi orqali amalga oshiriladi;
-
Bir fuqaro bir vaqtning o‘zida faqat bitta shaxsiy akkount va bitta qurilmadan foydalanishi shart;
-
Qadamlar hisobi kunlik 00:00 dan 23:59 gacha Android’da Google Fit, iOS’da esa HealthKit ilovalari bilan integratsiya qilingan holda avtomatik olib boriladi.
Veb-portal orqali davlat idoralari, tashkilotlar va mahalliy hokimliklar xodimlarining piyoda yurish ko‘rsatkichlari bo‘yicha reytingi ham yuritiladi.
G‘oliblarni taqdirlash va moliyalashtirish
Aksiya yakunlari bo‘yicha g‘oliblar bir yilda bir marotaba aniqlanadi. Har kuni kamida 10 000 qadam yurgan va yil davomida eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan fuqarolar mukofotlanadi.
Taqdirlash jarayoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida hamda respublika bo‘yicha 1–3-o‘rinlarni egallagan qatnashchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. G‘oliblarga har yili dekabr oyining uchinchidekadasida qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.
Sovg‘alar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Umumnilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Soxtalashtirishga qarshi choralar
Natijalarni soxtalashtirish va sun’iy ravishda oshirishga urinishlarga nisbatan qat’iy choralar belgilangan. Quyidagilar qoidabuzarlik hisoblanadi:
-
Boshqa shaxsning akkountidan foydalanish;
-
Yugurish yo‘lakchasi, avtomobil, samokat, velosiped va boshqa texnik vositalardan foydalangan holda qadamlar sonini ko‘paytirish;
-
Avtomatlashtirilgan dasturlar va sun’iy intellekt vositasida ko‘rsatkichlarni oshirish.
Shubhali ko‘rsatkichlar va qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda fuqaroning akkounti cheklanadi, natijalari bekor qilinadi hamda u aksiyadan chetlashtiriladi (diskvalifikatsiya qilinadi).





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q