Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent shahri hokimiga bo‘sh turgan davlat obyektlarini kichik biznesga 10 yilgacha bepul foydalanishga berish va yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha yangi vakolatlar berildi.
O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahrining 2026–2027-yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Yangi hujjat ishlatilmayotgan davlat mulklarini iqtisodiy muomalaga jalb qilish va poytaxtda hususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini belgilab beradi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yilning 1-avgustidan boshlab Toshkent shahri hokimiga Savdo-sanoat palatasi reyestriga kiritilgan hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlariga nisbatan mustaqil qarorlar qabul qilish huquqi beriladi. Ular uchun bo‘sh turgan davlat binolari va inshootlarini 10 yilgacha bo‘lgan muddatga bepul foydalanishga berish imkoniyati yaratiladi. Bunda tadbirkor zimmasiga obyektni o‘z mablag‘lari hisobidan ta’mirlash va kerakli uskunalar bilan jihozlash majburiyati yuklatiladi.
Bundan tashqari, biznes vakillari maydoni 1,5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida yangi loyihalarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Qurilish ishlari yakunlanib, tayyor obyekt davlatga topshirilgach, ushbu yer maydoni investorgacha 15 yilgacha bo‘lgan muddatga bepul foydalanish uchun taqdim etiladi. Ushbu choralar poytaxtda ishlab chiqarish hajmini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.




