Ekopolitsiya Pop tumanida Sirdaryoda elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq ovlagan brakonyerlar aniqladi. O‘lja orasida Qizil kitobga kiritilgan sakkizta torko‘k balig‘i bor, zarar miqdori 1 mlrd 25 mln so‘mga baholandi.
Namangan viloyatining Pop tumanida taqiqlangan qurollar yordamida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi. Bu haqda viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Elektr qarmoq va milliard so‘mlik zarar
Qoidabuzarlik ekopolitsiya xodimlari tomonidan «Yakkatut» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosida o‘tkazilgan reyd chog‘ida fosh etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Mingbuloq va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida yashovchi ikki erkak elektr qarmoqlar yordamida yetti turdagi 31 dona baliqni noqonuniy ovlagan.
O‘lja orasida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan sakkizta torko‘k balig‘i (shimbaliq) ham borligi aniqlandi. Noqonuniy ov natijasida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 1 milliard 25 million so‘mni tashkil etdi.
Hujjatlar prokuraturaga yuborildi
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozirda hujjatlar va ashyoviy dalillar keyinchalik ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q