Samarqandda o‘z chaqalog‘ini 85 ming dollarga sotayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan 27 yoshli talabaga sud hukmi o‘qildi. Unga qamoq jazosi o‘rniga 3 yil sinov muddati berildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi o‘zining yangi tug‘ilgan o‘g‘lini sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan mahalliy OTMning 5-bosqich talabasiga nisbatan hukm chiqardi. Ayblov moddasi og‘ir bo‘lishiga qaramay, sud 27 yoshli ayolni ozodlikda qoldirib, unga shartli jazo tayinladi.
Telegram’dagi kelishuv va tug‘ruqdan keyingi shantaj
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qiz 2025-yil noyabr oyida uchinchi farzandiga homilador bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i bilan kelishmovchilik sabab ota-onasining uyiga ko‘chib o‘tgan va moliyaviy qiyinchiliklar hamda qarzlari tufayli 2026-yil iyul oyida Telegram’dagi «Surrogat ona» guruhiga a’zo bo‘lgan. Kanal administratori unga chaqaloq uchun 70–90 ming dollar to‘lashga tayyor xaridorlarni topib berishni taklif qilgan va tomonlar 90 ming dollarga kelishgan.
Iyul oyi oxirida talaba Samarqanddagi tug‘ruqxonalardan birida kesarcha kesish yo‘li bilan o‘g‘il farzandli bo‘lgan.Tug‘ruqdan so‘ng u fikridan qaytib, bolani bermasligini aytgan videomurojaat yozgan va xaridorlarga yuborgan. Bunga javoban guruh administratori videoni internetda tarqatish va uni pulni olib, bolani bermagan firibgar sifatida sharmanda qilish bilan qo‘rqitgan.
Tug‘ruqxona oldidagi qo‘lga olish
Shov-shuvdan qo‘rqqan ayol shifoxona manzilini yuborgan. Bino oldiga mashinada kelgan ikki erkak va bir ayol pulni faqat chaqaloqni ko‘rgandan keyin berishini aytib, uni ko‘chaga olib chiqishni talab qilgan. Shifokorlarning taqiqiga qaramay, ona o‘g‘lini o‘z mas’uliyati ostida Toshkentga olib ketayotgani haqida tilxat yozib, mashina yoniga chiqqan.Mashina ichida yana bir tilxat yozib bergach, unga 85 ming dollar ekani aytilgan pul o‘rami uzatilgan. Shu lahzada Samarqand shahar IIO FMB jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari uni ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.
Sud hukmi
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan hamda ajrashgach bolalarini yolg‘iz tarbiyalayotgani va sog‘lig‘ida muammolar borligini ma’lum qilgan.
Sud ayolni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «b» bandi (odam savdosi — 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi) bilan aybdor deb topdi. Biroq yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, JKning 57 va 72-moddalari qo‘llanildi va tayinlangan 7 yillik qamoq jazosi 3 yil sinov muddati bilan shartli jazoga almashtirildi.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q