Firibgarlar O‘zbekiston tahririyatlarining Instagram va Facebook sahifalariga mualliflik huquqi bo‘yicha soxta shikoyatlar yuborib, kontentni o‘chirtirmoqda va da’volarni qaytarib olish uchun pul talab qilmoqda.
O‘zbekistondagi internet-nashrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamli tovlamachilik sxemasiga duch kelmoqda.Noma’lum shaxslar Instagram va Facebook’ning mualliflik huquqini himoya qilish mexanizmlaridan foydalanib,nashrlarning yangilik va reklama postlarini o‘chirtirmoqda, so‘ngra shikoyatlarni qaytarib olish uchun pul talab qilmoqda.Hujumga uchragan tahririyatlar orasida Repost.uz, Pressa.uz va Oblako.uz ham bor.
Tovlamachilik sxemasi qanday ishlaydi
Firibgarlar o‘zlarini kontentning huquq egasi sifatida ko‘rsatib, OAV sahifalaridagi video va postlar ustidan soxta shikoyatlar (strayklar) yuboradi. Platformalarning avtomatik tizimi kontentni o‘chirib, sahifaga cheklov qo‘yadi. Bir necha ketma-ket shikoyatdan so‘ng ko‘p mingli auditoriyaga ega sahifalar butunlay bloklanish xavfi ostida qoladi.
Mualliflik huquqi buzilgani haqidagi bildirishnomada nizoni hal qilish uchun da’vogarning elektron pochtasi ko‘rsatiladi.Tahririyat vakillari ushbu manzilga bog‘langanda, ulardan shikoyatni qaytarib olish evaziga ochiqchasiga pul o‘tkazish talab qilinadi — to‘lovdan so‘ng da’vo bir necha daqiqa ichida bekor qilinadi. Sahifa bloklanib qolgan holatlarda esa tahririyatlarga go‘yoki ijtimoiy tarmoq xodimlari orqali akkauntni tiklab berishni taklif qiluvchi «vositachilar» aloqaga chiqmoqda.
Reklama postlariga zarba va uyushgan hujum belgilari
So‘nggi vaqtlarda soxta shikoyatlar nafaqat yangiliklarga, balki tahririyatlarning o‘zi tayyorlagan yoki buyurtmachilar taqdim etgan tijoriy reklama postlariga ham yuborilmoqda. To‘langan reklamalarning o‘chirilishi OAVlarni mijozlar oldida moliyaviy majburiyatlarni buzish xavfi ostida qoldirmoqda.
Hujumlar tahlili bir guruh shaxslarning kelishilgan holda harakat qilayotganini ko‘rsatmoqda:
-
turli da’vogarlarning elektron manzillari va shikoyat matnlari bir-biriga o‘xshash;
-
aloqaga chiqish usullari va pul talab qilish shartlari takrorlanmoqda;
-
ayrim shikoyatlar material e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay juda tez ko‘rib chiqilmoqda.
Meta va mas’ul tashkilotlarga savollar
Ommaviy hujumlar tahririyatlarning xorijiy platformalar algoritmlari oldida himoyasiz ekanini ko‘rsatdi: o‘z kontentiga bo‘lgan huquqni isbotlash tahririyatlarning o‘z zimmasiga tushmoqda, Meta tizimi esa huquqlarni jiddiy tekshirmasdan soxta shikoyatlarni qabul qilmoqda.
Shuningdek, media hamjamiyat O‘zbekistondagi OAVlarni qo‘llab-quvvatlovchi mas’ul tashkilotlar tomonidan tezkor huquqiy va texnik yordam mexanizmi yo‘qligiga e’tibor qaratmoqda. Tahririyatlar hamkasblarini shantaj holatlarini qayd etib borishga va huquqiy baho berish uchun dalillarni jamlashga chaqirmoqda.






Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q